Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi «zapravka»da yong‘in sodir bo‘layotgani aks etgan videotasvirlar keng tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumot berdi.
Bildirilishicha, bugun, 5 may kuni soat 11:13 da Samarqand shahar Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan yordam zarurligi to‘g‘risida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga murojaat kelib tushgan. Ushbu xabarga asosan 5 ta qutqaruv bo‘linmasi soat 11:18 da hodisa joyiga yetib borib, yong‘in soat 11:30 da o‘rab olingan va soat 11:50 da to‘liq o‘chirilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar aniqlanmagan. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.