Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrining markaziy ko‘chalaridan birida yer cho‘kishi sodir bo‘lgani aks etgan foto va videolar tarqaldi. Izohlanishicha, shaharning Rudakiy ko‘chasida yomg‘ir yog‘ishi natijasida asfaltning avval kavlanib yamalgan qismi cho‘kib, avtobus botib qolgan.
Shundan so‘ng, vaziyat bo‘yicha Samarqand shahar hokimligining rasmiy axboroti e’lon qilindi:
“Shuni ma’lum qilamizki, Samarqand shahrida yoqqan yomg‘ir natijasida yuzaga kelgan ayrim muammolarni bartaraf etish bo‘yicha joylarda ishlar olib borilyapti.
Shuningdek, Ro‘dakiy ko‘chasida ham qazish ishlarini olib borish va ko‘chani ta’mirdlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan va kuchli yomg‘ir oqibatida yo‘lning o‘sha qismida ko‘chish holati kelib chiqqan.
Mazkur ko‘chani ta’mirlab bo‘lgunga qadar uni yopish buyicha Samarqand shahar hokimi farmoyish qabul qildi.
Ayni paytda Mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi injiniring kompaniyasi tomonidan Ro‘dakiy ko‘chasining Beruniy ko‘chasidan Gagarin ko‘chasigacha bo‘lgan qismida rekonstruksiya ishlari boshlandi”, — deyiladi Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati rasmiy xabarida.