Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilarni hojatxona ta’mirlashga majbur qilgan Narpay tumani XTB mudiri Mirzohid Yo‘ldoshev bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qildi, deya xabar berdi «Daryo» muxbiri Farhod Norbo‘tayev.
Tuman XTB mudiri bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 97-moddasi 1-bandi (Taraflarning kelishuviga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari)ga binoan 2020 yil 8 iyundan bekor qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tumanda ro‘zador o‘qituvchilar hojatxona tozalashga jalb qilingani aytilib, ta’mir ishlari qanday ketayotganini aniqlash maqsadida hokim o‘rinbosari Asqar Rustamov boshchiligida XTB mudiri Mirzohid Yo‘ldoshev, tuman kasaba uyushmasi rahbari Muhammad Jumayevlardan iborat guruh har kuni maktablarga borib, hojatxona ta’mirini ko‘zdan kechirayotgani ma’lum qilingandi. Shuningdek, 2020 yil 22 may kuni tasvirga olingan videoda ushbu guruh tumandagi 32-maktabga borgani, XTB mudiri Mirzohid Yo‘ldoshev ta’mirdan ko‘ngli to‘lmay, maktab direktorini turtkilagani aks etgandi.
Samarqand viloyat bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat inspeksiyasi olib borgan o‘rganish davomida mudir Mirzohid Yo‘ldoshev 32-maktab direktori Jo‘raqul Xolmurodov va 33-maktab direktori Zuhra Daminovani ta’mir yakuniga yetmasa, ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqitgani aniqlandi.
Shuningdek, tumandagi 1, 10, 12 va 22-maktab direktorlari T.Sa’dinov, B.Otaqulova, M.Ochilova, E.Boltayevlar ham mudirning noqonuniy talabi haqida ma’lum qilgan.
Ushbu holat yuzasidan to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, mudir 11 million 150 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgandi.