Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan "Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi qonun, Prezidentning PF-76-sonli Farmoni hamda PQ-300-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida xorijiy ilg‘or tajribalardan kelib vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro hokimliklaridagi inson resurslarini boshqarish faoliyatini to‘liq raqamlashtirish maqsadida hrm.argos.uz — inson resurslarini boshqarishning yagona elektron axborot tizimi joriy etildi.
Natijada vakant lavozim uchun o‘tkazilayotgan tanlovdan tortib, kadrlarga oid barcha hujjatlarni yuritish faqatgina hrm.argos.uz platformasida amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Buning uchun platforma vacancy.argos.uz, zaxira.argos.uz, samaradorlik.uz, e-qaror.gov.uz, e-huquqshunos.uz dasturiy ta’minotlar bilan integrasiya qilindi. Shuningdek, my.mehnat.uz, edo.ijro.uz va UzASBO tizimlariga hujjatlar avtomatik ravishda yuborilishi ta’minlandi.
Davlat organlarida hrm.argos.uz elektron platformasini yuritish tartibi Vazirlar Mahkamasining 492-sonli qarori bilan tasdiqlanib, 2023 yil 1 noyabrdan boshlab HRga oid barcha hujjatlarni hrm.argos.uz platformasida shakllantirish va yuritish uchun davlat organlari rahbarlarining shaxsan mas’ulligi belgilandi.
Agentlikning Samarqand viloyati filiali tomonidan ham viloyatdagi davlat organlarining inson resurslarini boshqarishga oid ma’lumotlari va hujjatlarini platformada o‘z vaqtida shakllantirilishi hamda yuritilishi doimiy monitoring qilib kelinmoqda, deya xabar berdi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, 2024 yilning o‘tgan 6 oyi davomida o‘tkazilgan monitoring natijasiga asosan, belgilangan qaror talablariga rioya qilmagan hamda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan Zarafshon irrigasiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi 5 ta viloyat boshqarma boshliqlari, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasining 13 ta, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining 8 ta hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining 9 ta tuman (shahar) bo‘lim boshliqlari, jami 35 nafar rahbarlar 64,6 mln so‘m miqdorda ma’muriy jarimaga tortilgan.