Dahma va qabrtosh "milliy ro‘yxat"ga kiritilishi mumkin.
Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani Qayrag‘och qishlog‘ida joylashgan "Ko‘ktosh" qabristoni hududidan qadimiy 2 ta dahma hamda 1 ta qabrtosh topildi.
Topilmalar Madaniy meros agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘rganildi.
Qayd etilishicha, qabriston hududidan topilgan qadimiy dahma hamda qabrtoshlar Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi "Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida"gi 846-sonli qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Milliy ro‘yxatida qayd etilmagan.
"O‘rganishlar davomida topilgan noyob toshlar o‘rta asrlarga oid ekanligi aniqlandi. Ushbu topilmalarni tarixiy ahamiyatini aniqlash maqsadida Samarqand arxeologiya instituti xodimlari tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda", – deyiladi xabarda.
Shuningdek, Pastdarg‘om tumani hokimligining 2024 yil 11 sentyabrdagi 26-2712-sonli xatiga asosan, 2 ta qadimiy daxma hamda 1 ta qabrtoshni Milliy ro‘yxatga kiritish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, davlat muhofazasiga olish choralari ko‘rilmoqda.