Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) Rossiyaning Bashar al-Assadga yordam yuborish va’dasiga shubha bilan qaradi.
Rossiya Bashar al-Assad rejimiga qo‘shimcha qurol jo‘natishga va’da berdi. ISW Rossiya Federasiyasi Suriya armiyasiga kattaroq harbiy yordam bera olishiga shubha qilmoqda.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 29 noyabr kuni Suriya muxolifat kuchlarining hujumi «Suriya suverenitetiga tajovuz» ekanligini va Rossiya Suriya hukumati tomonidan mamlakatda «konstitusiyaviy tuzum» tiklanishi tarafdori ekanini aytdi.
Kecha, 30 noyabr kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan telefon orqali muloqot qildi.
Vazirlar Rossiya, Turkiya va Eron 2016 yil dekabrida boshlagan Suriya tinchlik jarayoni doirasida vaziyatni barqarorlashtirishni muvofiqlashtirishga kelishib oldi.
ISW tahlilchilari Ukrainadagi urush sharoitida Rossiya Suriyaga ko‘proq yordam bera olishiga shubha qilmoqda.
«Kremlning ustuvor amaliyot teatri bo‘lgan Ukrainadagi operasiyalarni davom ettirish bo‘yicha Rossiyaga qo‘yilayotgan yuqori sur’at va operativ talablarni hisobga olgan holda, Kreml Suriya prezidenti Bashar al-Assad rejimini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha resurslarni yo‘naltira oladimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lumligicha qolmoqda», deyiladi xabarda.
ISW eslatishicha, 2022 yilda Rossiya Ukrainada foydalanish uchun S-300 zenit-raketa komplekslarini Suriyadan olib chiqqan.