Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida tarkibida oltin moddasi bo‘lgan toshlarni noqonuniy kavlab olayotgan 5 kishi zaharlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.
Joriy yilning 9 yanvar kuni soat 20:00 da Guliston mahallasida yashovchi 5 nafar shaxs - J.S., O‘.E.,S.N.,Y.A. va E.B. "Qoraqo‘ton" tog‘ koniga qarashli, mahalliy til bilan "Nayman cho‘qqi" shaxtasiga tushishgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu fuqarolar tarkibida oltin moddasi bo‘lgan toshlarni generator va boshqa uskunalar yordamida kovlab olayotgan vaqtida generatordan chiqqan is gazi tufayli zaharlanishgan.
Ehtiyotsizlik oqibatida, J.S. va O‘.E. shaxta ichi pastki qismiga yiqilib, toshlarga urilgan va voqea joyida vafot etgan.
Qolgan 3 nafar fuqaro esa is gazidan zaharlanish bilan 10 yanvar kuni soat 03:30 atrofida tuman markaziy shifoxonasiga keltirilgan.
Hozirda marhumlarning o‘limi yuzasidan sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.