Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida tarkibida oltin moddasi bo‘lgan toshlarni noqonuniy kavlab olayotgan 5 kishi zaharlandi.
Ma’lum qilinishicha, 9 yanvar kuni soat 20:00 larda Paxtachi tumani “Guliston” mahallasida yashovchi besh kishi — J.S., O‘.E., S.N., YU.A. va E.B. Paxtachi tumani “Qarnabota” MFY hududida joylashgan “Qoraqo‘ton” tog‘ koniga qarashli mahalliy til bilan “Nayman chuqqi” shaxtasiga tushib, generator va boshqa uskunalar yordamida tarkibida oltin moddasi bo‘lgan toshlarni kavlab olayotganida generatordan chiqqan is gazidan zaharlangan.
Oqibatda ularning ikki nafari — J.S. va O‘.E. shaxta ichi pastki qismiga yiqilib, shaxta devori toshlariga urilib voqea joyida vafot etgan. Qolgan fuqarolar is gazidan zaharlanish bilan 10 yanvar kuni soat 03:30 larda tuman markaziy shifoxonasiga keltirilgan.
Hozirda, ikki kishining o‘limi yuzasidan sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan bo‘lib, holat yuzasidan Paxtachi tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.