Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Andijon suv omboridan Farg‘onaga suv quvuri tortilishi haqidagi xabarga izoh berdi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston Andijon (Kampirobod) suv omboridan Farg‘onaga ichimlik suvi yetkazib berish niyatida ekani haqidagi ma’lumotga izoh berdi.
Farg‘ona viloyati hokimligi va Xitoyning «Sinomach» xoldingi Andijon suv omboridan Farg‘onaga suv quvuri yotqizish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishgani haqida avvalroq xabar berilgan edi.
Japarovning fikricha, O‘zbekiston suv omboridan qanday qilib suv olishni rejalashtirayotganining farqi yo‘q. Uning ta’kidlashicha, qirg‘iz tomoni suv omborining faqat o‘ndan bir qismidan foydalanadi, garchi manbani har ikki davlat boshqarsada.
«O‘zbek tomoni ularga oqib kelayotgan suvni qanday qilib olishining nima farqi bor: ariq, quvurlar yoki osmon orqalimi? Barcha harakatlar davlatlar o‘rtasida muvofiqlashtiriladi», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, OAV Kampirobod suv ombori avvallari Qirg‘izistonga tegishli bo‘lgan, deb xato yozgan.
«Kampirobod qadimdan to‘liq O‘zbekiston tasarrufida. O‘tgan yili chegara bilan birgalikda suv ombori masalasini hal qildik. Endi kelishuvga ko‘ra, biz uni 50/50 ga boshqaramiz, Qirg‘iziston Kampirobod suvining atigi 10 foizidan foydalanadi. Qolganlari esa 100 yildan beri O‘zbekistonga oqib ketmoqda», — dedi Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti.