Rus ma’muriyati, xususan, Kaufman avvalboshda mahalliy tipdagi maktablarga qarshilik qilmagan, u turkistonlik yoshlarni zo‘rlik yo‘li bilan rus maktablariga olib kelishga qarshi bo‘lgan. Turkistonlik yoshlarning o‘z xohishlari bilan rus maktablariga oyoq qo‘yishi – Kaufmanning orzusi bo‘lgan. U “faqat xalq ta’limigina Turkiston o‘lkasini ruhan bosib olishga qodir”, deb bilgan. (Turkestanskiye vedomosti. 1908. №224, 16 oktyabr).
Kaufman (1867-1882 yillardagi Turkiston general-gubernatori) mahalliy maktablar o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketishiga ishongan. Uning fikricha, xoch emas, balki maktab Turkistonga xristiancha rus sivilizasiyasini olib keladi: “Biz Turkiston o‘lkasiga xristian dinini olib kelishimiz shart, lekin aholiga pravoslav dinini tavsiya qilmasligimiz kerak” (Arxiv. Saviskiyning shaxsiy fondi).
Endi navbat Ostroumovga (1846-1930, rus sharqshunosi). Uning 1910 yil 25 fevralda Toshkentda nashr qilingan “Kolebaniya vo vzglyadax na obrazovaniye tuzemsev v Turkestanskom kraye” degich maqolasidan parchalar keltiramiz:
“Mahalliy xalqqa ruscha ta’lim berish haqida birinchi bo‘lib general-adyutant fon Kaufman o‘ylay boshladi. Bu mushkul masalaga marhum general o‘ta ehtiyotkorlik va yuksak e’tibor bilan yondashgan. Kaufman mahalliy eski maktablar o‘z umrini o‘tab bo‘lgani va kelgusida taraqqiy etishi uchun hech qanday zarur omillarga ega emasligini bilgan. U faqat yevropacha ta’lim taraqqiy etishiga ishongan.
Shuningdek, u Turkiston o‘lkasida sart va tatarlarga etnik jihatdan yaqin, lekin musulmoncha mafkura bilan zabt etilmagan ko‘psonli qirg‘iz xalqi ham borligini bilgan. Shuning uchun u jamiki e’tiborini Turkistonda aynan qirg‘iz bolalari uchun rus maktablari tashkil etishga qaratadiki, bu orqali rus maktablarida o‘qiydigan qirg‘iz bolalarining ruslashib ketishi va alaloqibat rus fuqaroligiga intilishi ko‘zlangan. Shundan so‘ng tor doiradagi bir yoqlama fikrlaydigan musulmonlar (qirg‘izlarga) yevropacha sivilizasiya tamoyillariga muvofiq kelmaydigan o‘z ta’sirlarini o‘tkazolmaydigan darajaga kelib qoladi.
1879 yilda Toshkentda, ruslar bilan birgalikda mahalliy qirg‘izlarning farzandlari o‘qishi kerak bo‘lgan, o‘qituvchilar tayyorlanadigan o‘rta maktab tashkil qilindi. Keyin 1884 yilda Toshkentda mahalliy bolalar uchun ilk rus-tuzem maktabi ochildi. Bu yangi maktabda rus tilini o‘rgatishdan tashqari arab-fors alifbosi va musulmoncha aqiydalarni o‘rganishga ham imkoniyat yaratib berildi.
General-ad’yutant Rozenbax (1884-89 yillardagi Turkiston general-gubernatori) mahalliy xalq ongida rus davlati – ular uchun qadrdon davlat degan tushuncha xosil bo‘lishiga va rus tili ularning ona tiliga aylanishiga ishongan”.
Ostroumovning baron A.B.Vrevskiydan (1889-98 yillardagi Turkiston general-gubernatori) keltirgan mana bu iqtibosi kishini sergaklantiradi:
“Turkistonliklar rus-tuzem maktablarida berilyotgan bilimlardan va rus tilini o‘rganishdan o‘zlarida huzur-halovat his qilishlariga, uning foydasini o‘zlari anglab yetishiga umid bog‘lashimiz kerak. Mahalliy millat bolalarini maktabga ma’muriy idoralar vositasida jalb qilish ko‘zlangan maqsadga olib bormaydi: ota-onalari xohishi bilan emas, aksincha tashqi majburlik bilan o‘qishga kirishgan bolalar erksiz, istar-istamas va behudaga o‘qiydilar. Bunday usul rus maktabi va rus hukumati qadr-qimmatiga mos kelmaydi. Shunday davr keldiki, mahalliy aholi rus, faqat rus maktabidagina davlat xizmatlarining har qanday turida as qotadigan bilimlarni ko‘ra bilsin”. (Iqtibos tugadi)
Oxir-oqibat shunga borib yetildiki, yuqori lavozimlarga mahalliy fuqarolar ichidan rus tilini biladiganlargina tayinlanadigan, ota tilini chuqur bilishi bunda inobatga olinmaydigan bo‘ldi.
Tushunib turganingizdek, bu yerda xorijiy tilni o‘rganmaslikka urg‘u berilyotgani yo‘q. Aslo. Biror bir chet tilini o‘rganmaslikka da’vat – buni sog‘lom aql ko‘tarolmaydi. Maqsad – tarixan shakllanib kelayotgan turkiy ota tilimizni xis qilishga chaqiriq. Negaki til, avvalboshda ta’kidlaganimizdek, madaniyat tashish xususiyatiga ega.
Gohida ko‘cha-ko‘yda rus tilida burro gaplashadigan, ammo o‘z ota tilida o‘z fikrini erkin bayon qilolmaydigan yoshlarga ko‘z tushib qoladi. Yana gohida o‘zbek tilida so‘z ochishni o‘ziga ep ko‘rmaydigan o‘zbeklarga ham guvoh bo‘lasan kishi. Shunda genaral Kaufman o‘z maqsadiga yetganini ko‘rmasdan ilojimiz yo‘q.
Rus maktabda o‘qish bilan birgalikda o‘zbek tilini, qadriyatlarimizni chuqur biladigan bolalarning ham borligi – ularning oilasida tarbiya juda yaxshi ekanligidan dalolat. Lekin afsuski, bu kabilar kam. Hatto juda kam. Atrofga boqing...
Rus maktablarining tobora o‘sib borishini va ota-onalar farzandlarini o‘zbek maktablariga o‘qishga bermaslikni odat qilib olishini O‘zbekistonning ulkan muammolaridan biri degan bo‘lardim. Ha, bu o‘ylab ko‘rilishi kerak bo‘lgan muammo. Buning muolajasi shuki – o‘zbektilli maktablarni raqobatga chidamli qilish. Toki har bir o‘zbekistonlik o‘z farzandini xorijiy tillar, aniq, tabiiy va boshqa fanlar chuqur o‘rgatiladigan o‘zbek maktabga berishni orzu qilsin.
Unutmaylik, O‘zbekistonning kelajagi – bu o‘zbektilli maktablar.
Manba: azon.uz