Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Rozental effekti: bola ruhiyatini sindirmang!

Rozental effekti: bola ruhiyatini sindirmang!

Napoleonni bolaligida:
— Janob, turing, sizni buyuk ishlar kutyapti! — deb uyg‘otishar ekan. Qarang, bolaga “janob” deb murojaat qilishyapti. Kichkinaligidan “meni buyuk ishlar kutyapti ekan” deb, o‘zini shunga tayyorlab borgan ekan. Bonapart tarixda qanday jangchi bo‘lgan, bilmadim-u, lekin bundan 1000 yildan keyin ham Napoleon desa hamma biladi.

Bizda-chi?
— Tur, padaringga la’nat. Soat o‘n bo‘ldi! Mollar och yotibdi. Enasi, bunga tur desang bo‘lmaydimi? Yotishingni qara cho‘chqaga o‘xshab. Sen odam bo‘lmaysan. Sen molsan.

Yotishi cho‘chqaga o‘xshasa, yurishi molga o‘xshasa. “Mendan hech kim chiqmas ekan”, deb choy ham ichmaydi, kayfiyati ham yo‘q holda dalaga chiqib ketadi. Oxirida o‘sha boladan rostdan ham hech kim chiqmaydi. Oramizda ko‘pchilik shunaqa so‘kish eshitgan.

(Marhum Hojiboy Tojiboyev hangomalaridan)


Biz kattalarning aybi bolalarimiz haqida oldindan umumiy hukm chiqarib qo‘yishimizdir. Afsuski, bu xulosalarimiz ko‘p holatlarda ularning kamchiliklari va salbiy jihatlari haqida bo‘ladi.

Yoshligida xato qilib kimningdir narsasini so‘roqsiz olib qo‘ygan bolaga “o‘g‘ri” degan tamg‘a bosiladi, uyidagi psixologik muammolari tufayli dars qilolmagan yoki darslarni o‘zlashtirolmagan bolalar “ikkichi” deb tan olinadi. Natijada bu bolalar boshqalar kutgan natijaga o‘zlari bilmagan holda erishadi. Ya’ni, shu “o‘g‘ri” deb tan olingan bola o‘g‘riligini tan olib, taslim bo‘ladi.

1960 yillarda San-Fransiskoda istiqomat qiluvchi psixologlar Rozental va Yakobson bir tajriba o‘tkazib ko‘rishadi. Ular boshlang‘ich maktab o‘quvchilarining IQ darajasini tekshirishadi. Keyin esa, natijalarga qarab o‘tirmasdan ba’zi bolalarni tasodifiy tartibda tanlab olishadi va hammaga ana shu bolalarning aqli yil oxirigacha keskin o‘sishini aytishadi. Natija esa hammani hayratga solgan, tanlangan bolalarning aqli haqiqatdan ham o‘sgan, ularning IQ natijalari ham yuqori bo‘lgan.

Aslida bolalar xarakteri yoki aqliy salohiyati haqida xulosa chiqarish umuman noto‘g‘ri, chunki bolalar rivojlanishda bir-biridan farq qiladi. Birinchi sinfda o‘qishga qiynalgan bolaning o‘qish borasidagi qobiliyatlari, keyinchalik rivojlanishi mumkin. Biz kattalar esa ularga “bilmasvoy” tamg‘asini bosib, doimiy yomon o‘qishini ta’minlab qo‘yamiz. Masalan, ba’zi bolalar 1 yoshga to‘lmasidan yurishni boshlaydi, lekin, ulg‘aygach ularning yurish yoki yugurish qobiliyati 1 yarim yoshda yurganlarnikidan hech qanday farq qilmaydi.

Bu holatdan tarbiyachi, ota-ona sifatida nima xulosa chiqarishimiz mumkin?!

Bola xarakteri qobiliyatlari haqida iloji boricha pozitiv xulosa chiqarishimiz, salbiy fikrlarimizni esa bolalar oldida umuman tilga olmasligimiz kerak. Bolaning bizga ko‘ringan kamchiligi shunchaki vaqtinchalik bo‘lishi mumkinligi masalaning birinchi tarafi bo‘lsa, ikkinchi tarafdan biz ular haqidagi yaxshi yoki yomon fikrimiz sababli ularni yaxshi yoki yomon ekanligiga ishontira olar ekanmiz.

Demak, endi bolalarimizni kamchiliklarini emas, yutuqlarini ko‘proq ta’kidlaylik!

Manba: Sof.uz

Kiritildi: 20:30 08.11.2019. O'qildi: 2354 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!