Polsha Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Rossiya tomonidan otilgan raketa snaryadi mamlakatning Kiyevdagi elchixonasi tomiga tushgan.
"Snaryad konsullik bo‘limining shiftini teshib o‘tgan va oshxona hududiga tushgan. Hech kim jabrlanmagan. Hodimlarimizning barchasi sog‘-salomat va elchixona ishini odatdagidek davom ettiradi", — dedi Polsha Tashqi ishlar vazirligi vakili Pavel Vronskiy.
Ukraina poytaxtiga uyushtirilgan keng ko‘lamli tungi hujum natijasida Yevropa Ittifoqi vakolatxonasi hududi ham zarar ko‘rdi. Yevroittifoqning Ukrainadagi elchisi Katarina Maternovaning so‘zlariga ko‘ra, vakolatxona avtoturargohidagi avtomobillar shikastlangan, biroq hech kim jabrlanmagan.