Jizzax viloyati sudi Baxmal tumanida yashovchi 49 yoshli fuqaro ustidan jinoyat ishini ko‘rib chiqib, uni yollanmalik va hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topdi.
Sud materiallariga ko‘ra, mazkur shaxs 2023 yilda Rossiyaga mehnat faoliyati bilan band bo‘lish maqsadida safar qilgan. Ish topishda qiyinchiliklarga duch kelganidan so‘ng u Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolab, Tolyatti shahridagi 21208-sonli harbiy qismda xizmatni boshlagan.
U uch oy davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan, transport boshqaruvi va boshqa amaliy mashg‘ulotlarda qatnashgan. Keyinchalik Lugansk viloyatining Mirne qishlog‘iga yuborilgan bo‘lib, u yerda harbiy ta’minot xizmatida yoqilg‘i, oziq-ovqat va kiyim-kechak tashish bilan shug‘ullangan.
Fuqaro o‘z ko‘rsatmalarida xizmatni bajarganini tasdiqlagan, biroq jangovor harakatlarda bevosita ishtirok etmaganini bildirgan. 2024 yil may oyida u Rossiya fuqaroligini olgan va Kaluga viloyatida ko‘chmas mulk xarid qilgan. 2025 yil fevral oyida u yana shartnoma imzolab, Sevastopolga dron kuzatuvchisi sifatida yuborilgan.
Harbiy gospitalda davolangandan so‘ng u O‘zbekistonga qaytgan, ammo Samarqandga yetib kelganida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan.
Sud jarayonida ayblanuvchi o‘z qilmishini tan olgan bo‘lib, moddiy va oilaviy ahvoli og‘ir bo‘lgani sababli harbiy xizmatga borganini ta’kidladi.
Jizzax viloyati sudi uni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi (“Yollanish”) va 228-moddasi 2-qismi “a” bandi (“Hujjatlarni qalbakilashtirish”) bilan aybdor deb topib, 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Sud qaroriga ko‘ra, uning xizmat davrida olgan Rossiya pasportlari, harbiy guvohnomasi, haydovchilik guvohnomasi hamda medallari jinoyat ishi doirasida ashyoviy dalil sifatida saqlanib qoladi.