Tashqi mehnat migrasiyasi agentlining Rossiya Federasiyasi Samara shahridagi vakolatxonasiga Sizran shahridagi chorvachilik fermasida ishlab, oylik ish haqini ololmayotgani, pasporti olib qo‘yilib, jismoniy kuch ishlatilgani haqida yurtdoshimiz A.Abdusamatov murojaat qilgan.
Vakolatxona xodimlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda telefon orqali hududiy ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilindi. Lekin ichki ishlar xodimlari kelib, yurtdoshimizni so‘rovdan o‘tkazdi va yana ushbu ish beruvchi qo‘liga topshirdi.
Muammo vakolatxona xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi hamda fuqaroning pasporti va 12 ming rubl oylik maoshi undirib berildi.
Shuningdek, mazkur fermada ishlayotgan yana bir yurtdoshimiz R.Jumaboyev ham pasporti olib qo‘yilib, majburiy mehnatga jalb qilinayotgani ma’lum bo‘ldi. Uning hujjati olib berildi va ikkala fuqaro ham boshqa ishga joylashtirildi.