Rossiya Visa va Mastercard kartalarini bosqichma-bosqich muomaladan chiqaradi. Bu haqda mamlakatdagi barcha ichki to‘lovlarni amalga oshiradigan Milliy to‘lov kartalari tizimi (NSPK) ma’lum qildi.
Ushbu maqsadga erishish uchun xalqaro to‘lov tizimlari kartalari uchun banklararo komissiya (intercheynj) stavkalarini pasaytirish rejalashtirilgan. Gap banklarning bu kartalar orqali amalga oshirilgan savdolardan ko‘radigan foydasini cheklash haqida bormoqda.
2027 yil boshidan komissiya stavkasini 1 foizgacha pasaytirish, 2028 yil boshidan esa butunlay nolga tushirish (bekor qilish) ko‘zda tutilgan. Shu tariqa, Rossiya banklari uchun Visa va Mastercard kartalari bilan ishlashni davom ettirish iqtisodiy jihatdan mutlaqo foydasiz bo‘lib qoladi.
Visa va Mastercard Rossiyani tark etgan ilk davrlarda NSPK ularning kartalari uchun banklararo komissiya stavkasini o‘zgartirmay turgandi. O‘shanda bunday qaror Rossiya banklariga karta egalari uchun amaldagi keshbek, bonus va kredit dasturlarini saqlab qolish imkonini berishi aytilgan.