Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi prezident Vladimir Putinga «Tolibon» harakati taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarilishi mumkinligi haqida ma’lum qildi. Bu haqda TASS agentligi Rossiya TIVga tayanib xabar berdi.
TIV vakilining ma’lum qilishicha, afg‘on toliblari hozirda Rossiyaning dushmani emas.
"Ammo hali hal qilinishi kerak bo‘lgan ba’zi muammolar bor, shundan so‘ng Rossiya rahbariyati qaror qabul qiladi", dedi Rossiya TIVning ikkinchi Osiyo departamenti direktori Zamir Kabulov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning "Tolibon" hukumatini tan olishiga ular Afg‘onistonda 2021 yilda hokimiyat tepasiga kelganidan ko‘ra ancha yaqinlashgan.
Diplomat, shuningdek, Moskva Rossiya va Afg‘oniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 105 yilligi munosabati bilan "Tolibon" hukumati bilan biron bir tadbir o‘tkazish yoki tabrik telegrammalari almashishni rejalashtirmaganini aytdi.
«Tolibon» harakati AQSh qo‘shinlarini olib chiqish niyatini e’lon qilganidan so‘ng Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha keng ko‘lamli operasiya boshlagan edi. 2021 yil 15 avgust kuni Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani xorijga qochib ketdi va "Tolibon" jangsiz Kobulga kirdi. 2021 yil sentyabr oyi boshida amerikalik harbiylar Afg‘onistonni butunlay tark etishdi.