Aleksandr Vuchich ikki yarim yil ichida Putin bilan birinchi suhbati haqida gapirdi. Uning aytishicha, Rossiya prezidenti Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga qiziqish bildirmagan
Serbiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Putin bilan telefon orqali suhbati BRICS sammitiga qatnashish taklifini olganidan so‘ng bo‘lib o‘tgan. Vuchich Putin bilan bog‘lanib, sammitda qatnasha olmasligini aytgan. Keyin u Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish masalasini ko‘targan, lekin Putin bunga qiziqish bildirmagan.
“Putinning so‘zlariga ko‘ra, maxsus operasiyaning barcha maqsadlari bajariladi”, – deya Vuchichdan iqtibos keltiradi Bloomberg.
Kremlning ushbu suhbat haqidagi xabarida Vuchich va Putin nemis-fashist bosqinchilaridan Belgradni ozod qilinishining 80-yilligi munosabati bilan tabrik almashishgani va Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qilingani aytilgan. Lekin Kreml batafsil ma’lumot bermagan.