Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ruminiyaning Moskvadagi elchixonasidagi mudofaa masalalari bo‘yicha attasheni va uning o‘rinbosarini mamlakatdan chiqarib yubormoqda. Ruminiyaning vaqtincha ishlar vakili Liliana Burdu Rossiya TIVga chaqirilib, unga tegishli nota topshirildi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, ruminiyalik diplomatlarning chiqarib yuborilishi Buxarestdagi Rossiya elchixonasining ikki xodimi — harbiy attashe Viktor Makovskiy va uning o‘rinbosari Yevgeniy Ignatevning “persona non grata” deb e’lon qilinishiga “simmetrik javob” bo‘ldi.
Ruminiya tomoni bu diplomatlarning faoliyati 1961 yilgi Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi qoidalariga mos kelmaganini bildirgan. Odatda bunday ibora elchixona xodimlari josuslikda gumon qilinayotgan hollarda qo‘llaniladi.