Bugun 1 noyabr, 2024 yil, juma

КИР

Rossiya hududiga taqiq tufayli kirolmagan ayolning farzandlari O‘zbekistonga qaytarib olib kelindi

Rossiya hududiga taqiq tufayli kirolmagan ayolning farzandlari O‘zbekistonga qaytarib olib kelindi

Bolalar ombudsmani voyaga yetmagan farzandlari Qozon shahrida qarovsiz qolib ketgan ayolga yordam ko‘rsatdi.

Qayd etilishicha, kotibiyatiga 19 fevral kuni Namangan viloyatida yashovchi X.X. (ayol) dan murojaat kelib tushgan. Murojaatda ayol Rossiyaning Qozon shahrida o‘zining 12 yoshli qizi N.U., 9 yoshli o‘g‘li J.N. hamda turmush o‘rtog‘i K.G. bilan birga yashaganini ma’lum qilgan.

X.X. 2024 yilning 12 fevral kuni eri o‘g‘lini urgani sababli bola polisiya tomonidan kasalxonaga joylashtirilganini, xorijda yashashga oid tegishli hujjatlar taqdim etsa, polisiya bolani onaga qaytarishini ma’lum qilganini, hujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun Qozog‘iston hududiga o‘tganini hamda taqiq tufayli Rossiyaga qayta kira olmasdan O‘zbekistonga qaytib kelganini bildirgan. Ayol Qozon shahrida qarovsiz qolib ketgan bolalarini O‘zbekistonga qaytarishda amaliy yordam so‘ragan.

Mazkur holat bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Tashqi ishlar vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘rganilgan.

O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganish natijasida IIV organlari bilan aloqa o‘rnatilgan. Aniqlanishicha, voyaga yetmagan J.N. va N.U. lar Qozon shahridagi 41-sonli o‘rta maktabda ta’lim olgani va maktab hududida otasi G.K. tomonidan o‘g‘liga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani sababli, ular 18-sonli bolalar shifoxonasida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va davolanishga ehtiyoj mavjud emasligi aniqlangan.

Shu bilan birga, Bosh konsulxona tomonidan Qozon shahri Vaxitov va Privoljsk tumani vasiylik organi bilan muzokaralar olib borilib, vasiylik organi ota-onasi Rossiyaga kirishga imkoniyati yo‘qligini inobatga olgan holda bolalarni O‘zbekistonga yuborishga ruxsat bergan.

Idoralarning izchil va o‘zaro tezkor choralari natijasida, IIV tomonidan 15 aprel kuni voyaga yetmagan N.U. va J.N. O‘zbekistonga qaytarib olib kelingan va onasi qaramog‘iga topshirilgan.

Avvalroq 2023 yilda bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi to‘g‘risida fuqarolar, bolalar hamda ularning qonuniy vakillari tomonidan jami 443 ta murojaat qabul qilinib, o‘rganilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Kiritildi: 13:29 16.04.2024. O'qildi: 583 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!