Rossiya hukumati mudofaa xarajatlarini 2024 yilda YAIMning hozirgi 3,9 foizidan 6 foizigacha oshirish niyatida, deb xabar berdi Bloomberg 22 sentyabr, juma kuni byudjet rejalari loyihalari nusxalariga tayanib. Mutlaq hisobda mudofaa xarajatlari 6,4 trilliondan 10,8 trillion rublgacha oshadi. Agentlikning eslatishicha, urushdan oldingi 2021 yilda Kremlning mudofaa xarajatlari 3,6 trillion rublni tashkil qilgan.
E’tiborlisi, kelgusi yilda ijtimoiy siyosatga 7,5 trillion rubl (2023 yilda - 6,5 trillion) sarflash rejalashtirilgan. Shu tariqa, Faridaily Telegram-kanalida qayd etilishicha, 2024 yilda Rossiya tarixida birinchi marta armiyaga sarflangan mablag‘ pensiyalar, nafaqalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni o‘z ichiga olgan «Ijtimoiy siyosat» bandi bo‘yicha xarajatlardan oshib ketadi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, muhim qismi urush bilan bog‘liq bo‘lgan tasniflangan byudjet bandlari bo‘yicha xarajatlar 6,5 trilliondan 11,1 trillion rublgacha oshadi va barcha byudjet xarajatlarining uchdan bir qismini tashkil qiladi.
Bundan tashqari, Rossiya hukumati milliy xavfsizlikni ta’minlashga sarflanadigan xarajatlarni biroz oshirishni, shu bilan birga, ta’lim va sog‘liqni saqlashga sarflanadigan xarajatlarni bir xil darajada – mos ravishda 1,5 va 1,6 trillion rubl darajasida saqlashni rejalashtirmoqda.