Meksikalik professional bokschi Arturo Torres 26 yoshida vafot etdi. Sportchi so‘nggi jangida og‘ir jarohat olganidan keyin bir necha kun davomida shifoxonada davolangan.
Torres 19 sentyabr kuni Mexiko shahrida hamyurti Xilberto Garsiyaga qarshi ringga chiqqan edi. Bellashuv 7-raundda yakunlanib, Garsiya nokaut evaziga g‘alaba qozongan.
Jang tugaganidan keyin Torres ma’lum vaqt ringda qolgan, ammo ko‘p o‘tmay hushini yo‘qotgan. Shifokorlar unga joyida birinchi yordam ko‘rsatib, zudlik bilan kasalxonaga olib ketgan.
Tekshiruvlar natijasida bokschining bosh miyasiga qon quyilgani aniqlangan. Uning hayotini saqlab qolish maqsadida jarrohlik amaliyoti ham o‘tkazilgan, biroq sportchi komadan chiqa olmagan.
Arturo Torres 25 sentyabr kuni vafot etdi.
Meksikalik bokschi professional ringdagi faoliyatini 2018 yil noyabrida boshlagan. U faoliyati davomida 15 ta g‘alaba, 6 ta mag‘lubiyat va 3 ta durang qayd etgan.