Evropa Ittifoqi Tojikiston Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish to‘g‘risida order berilganiga qaramay, uni 19-20 noyabr kunlari qabul qilganidan afsusda ekanini bildirdi. Bu haqda Yevropa tashqi aloqalar xizmati (EEAS) bayonotida ma’lum qilindi.
Tojikiston Xalqaro jinoiy sudning (XJS) Rim statutiga a’zo davlat hisoblanadi, shu sababli hibsga olish orderiga amal qilishi lozim.
Evropa Ittifoqi Rim statuti ta’siriga tushadigan, butun dunyo tinchligi, xavfsizligi va farovonligiga tahdid soladigan jinoyatlar jazosiz qolmasligi kerakligini eslatadi, deya ta’kidladi Bryussel.
Evropa Ittifoqi barcha davlatlarni XJS bilan to‘liq hamkorlikni ta’minlashga, orderlarni tezkorlik bilan ijro etishga, shuningdek, sud bilan ixtiyoriy kelishuvlar tuzishga chaqiradi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidan kelib chiqadigan barcha xalqaro jinoyatlar, inson huquqlari buzilishi va suiiste’molliklari uchun to‘liq javobgarlikni ta’minlashga qat’iy sodiqdir. Bundan tashqari, Bryussel jabrlanuvchilarning odil sudlovga bo‘lgan huquqlarini hurmat qilish, zararni qoplash va kelajakda bunday jinoyatlarning oldini olish kafolatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Evropa Ittifoqi XJS prokurori tomonidan Ukrainada olib borilayotgan tergovlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda va Rim statutiga a’zo barcha davlatlarni to‘liq hamkorlikka chaqirmoqda.
Evropa Ittifoqi yana bir bor XJSni, shuningdek, Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralari doirasidagi mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qiladi, deyiladi EEAS xabarida.