2026 yil 1 fevraldan boshlab sayyohlar Trevi favvorasiga yaqin kelish uchun 2 yevro to‘lashlariga to‘g‘ri keladi. Italiya poytaxti rasmiylariga ko‘ra, bu chora doimiy tig‘izlikni kamaytirish uchun joriy etilmoqda: har kuni bu yerga minglab odamlar keladi va ko‘pincha favvoraning o‘zi olomon orasida ko‘rinmay qoladi.
Shahar hokimiyati tushuntirishicha, pullik tartib suv bo‘yidagi yaqin hududga kirish uchungina amal qiladi. Hozirning o‘zida bu hududda bir vaqtning o‘zida 400 kishidan ortiq bo‘lishga ruxsat berilmaydi. Shu bilan birga, favvorani uzoqdan tomosha qilish avvalgidek bepul bo‘lib qoladi.
Trevi favvorasi 1732–1762 yillarda papa Kliment XII buyurtmasi bilan qurilgan bo‘lib, u qadimiy Aqua Virgo akvedugidan suv oladi. Mazkur akveduk miloddan avvalgi 19-yildan beri, ya’ni ikki ming yildan ortiq vaqt davomida uzluksiz ishlab kelmoqda.