O‘zbekistondagi oliy ta’lim dargohlarida 5 sentyabr kunidan yangi o‘quv yili boshlandi. Ayni paytda qator markaziy shaharlarda, xususan Toshkentda talabalarni yotoq joy bilan ta’minlash masalasi kun tartibiga chiqmoqda. OTMlar yotoqxonalarida joy yetishmasligi, "uy bozorlar"ida narxlarning keskin oshib ketgani, ko‘plab talabalarning o‘qishlar boshlanishiga qaramay, hamon yashash joyiga ega bo‘lmagani kuzatilmoqda.
Holat bo‘yicha ma’lumot taqdim etgan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot kotibiga ko‘ra, mazkur masala o‘sha vaqtning o‘zida yechim topgan. Biroq boshqa OTMlar talabalarida ham vaziyat yaxshi emas. O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘ja ushbu masala yuzasidan poytaxt aholisiga murojaat bilan chiqdi.
"Aziz vatandondoshlar, aziz Toshkent ahli! Yil sayin OTM ko‘paymoqda, kvotalar oshmoqda, talabalar turar joylari tabiiyki qurilishiga ulgurmayapti. Ilgari 77 ta OTM bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi 6 yilda 177 ta bo‘ldi, talabalar 231000 dan qariyb 800000 bo‘ldi. Talabalarimizga uy-joy yetishmayapti, mavjud talabalar turar joyi deyarli to‘ldi. Mabodo Sizda, qarindoshingiz, tanishingiz hovlisida, xonadonida joy bo‘lsa, ijaraga bering, savob bo‘ladi ilmi tolibga bersangiz.
Soliq to‘lamaysiz, uyingizga baraka kiradi! Millat jipslashadi, qadriyatlar tiklanadi! Millat ahil bo‘lsa, bolasi ko‘chada qolmaydi! Yigitlar bobolarga, qizlar buvijonlarga dastyor bo‘ladi. Tilni bilganlar bolalaringizga muallim bo‘ladi. Biz Yunusobod tumani, Markaz 5 joylashganmiz…shu yerga yozing!
Rektorga va Universitetga jiddiy yordam bergan bo‘lasiz, oldindan rahmat!" - deya yozib qoldirdi rektor.
Shuningdek, jurnalist Abror Zohidov ham keng jamoatchilikka iltimos bilan chiqdi.
"Do‘stlar, hamma oliy o‘quv yurtlari yonida viloyatlardan yuklari bilan kelib, qayoqqa borishni bilmay turgan ota-onalar va talabalar bor. 1-2 nafardan bo‘lsa ham uyimizga olib ketaylik. Bir kun ming kun emas, joy topib olgunlaricha qo‘llab turaylik. Katta shaharning haybati ularning ruhiyatiga shafqatsiz ta’sir qilmasin!"- deydi Zohidov
Eslatib o‘tamiz, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ma’naviy yuksalishiga ko‘maklashish markazi xodimlari "uy bozori"da bo‘lib, 50 nafar talabani yashash joy bilan ta’minlashga ko‘maklashdi.