Bugun 17 iyun, 2025 yil, seshanba

КИР

Reimbursasiya shaffoflik va adolatlilik tamoyillariga juda mos keladi

A A A
Reimbursasiya shaffoflik va adolatlilik tamoyillariga juda mos keladi

Har qanday kasallikni davolash qaysidir miqdorda mablag‘ talab etadi. Tibbiy xizmat narxi oshganda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismida yuqori malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin. Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining maqsadi esa ana shu muammoni bartaraf etgan holda, barcha uchun tibbiy xizmatdan foydalanish uchun teng imkoniyat yaratishdir.

Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida joriy etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham aholining moliyaviy qiyinchilikka duch kelmay, zarur tibbiy yordam olishini ta’minlash, el salomatligini mustahkamlashga qaratilgan.

Sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini muassasalarida xalqaro tajribalar asosida qator dasturlar amalga oshirilmoqda. Xususan, aholiga kafolatlangan paket doirasida bepul tibbiy yordam ko‘rsatish va dori vositalari bilan taminlash choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, surunkali kasalliklarni ambulator sharoitda davolashda zarur bo‘ladigan ayrim dori vositalari bilan bemorlarni dorixona orqali bepul ta’minlash dasturi ishlab chiqildi.

Ushbu dastur Reimbursasiya deb nomlanadi. Reimbursasiya - inglizcha so‘z bo‘lib, “xarajatlarni qoplash” ma’nosini anglatadi. Bu alohida surunkali kasalliklarni davolash uchun shifokor tomonidan buyurilgan dori vositalari xarajatlarini maqsadli kompensasiya qilishni nazarda tutadi.

Reimbursasiya dasturi bemorga oilaviy shifokor yozgan elektron resept asosida dorixonalar orqali dori vositalarini bepul olish imkonini beradi. Reimbursasiyaga Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning 2-turi, bronxial astma va o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklarini ambulator sharoitda davolash uchun 11ta dori vositasi kiritilgan.

Bu dori vositalarini qanday tartibda olish ko‘pchilikka qiziq!

Buning uchun surunkali kasallik bilan dispanser nazoratida turgan bemorlar o‘zlarining oilaviy shifokorlariga murojaat qiladi. Shifokor bemorni zarur tekshiruvdan o‘tkazadi agar kerak bo‘lsa, uni laboratoriya-diagnostika tekshiruvlariga yuboradi. 10-Xalqaro kasalliklar tasnifiga ko‘ra, aniq tashhis qo‘yilgach, elektron ambulator kartaga ma’lumotlar kiritiladi va elektron reseptni shakllantiradi. O‘sha zahoti bemorning mobil telefoniga SMS keladi. Zaruriyat tug‘ilganda (bemorning talabiga ko‘ra) shifokor elektron reseptni bemorga qog‘oz shaklida taqdim etishi mumkin.

Shifokordan elektron reseptni olgan bemor DTSJsi bilan shartnoma tuzgan dorixonaga dori vositasini olish uchun murojaat qiladi.

Reimbursasiyada ishtirok etayotgan dorixona bemorga dori vositasini elektron resept asosida bepul beradi. Bunda berilgan dori vositalari bo‘yicha dorixonalarning sarf-xarajatlarini Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi qoplab beradi. Shartnoma shartlariga ko‘ra dorixonalar ro‘yxatga kiritilgan dori vositalarining uzluksiz ta’minotini hamda joriy yil yakuniga qadar ushbu dori vositalari narxini o‘zgarmasligini ta’minlashi lozim.

Reimbursasiya hukumatimiz tomonidan qo‘yilayotgan shaffoflik va adolatlilik tamoiylariga juda mos bo‘lib, jarayonlar elektron tarzda amalga oshiriladi. DTSJ, Birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari va dorixona rahbarlari bevosita kuzatib borish imkoniyatiga ega.

Alohida ta’kidlash kerakki, Reimbursasiya hozirda faqatgina Sirdaryo viloyatidagi tajriba-sinov jarayonida amaliyotga tatbiq etilmoqda. Olingan natijalarga ko‘ra kelgusida yurtimizning boshqa hududlariga ham joriy etish mo‘ljallangan.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi matbuot xizmati

Kiritildi: 17:06 18.07.2022. O'qildi: 3291 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!