Avval xabar berilganidek, davlatimiz rahbarining ““O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosiga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan bosqichma-bosqich yuqori oktanli (AI-92) avtobenzin ishlab chiqarishga o‘tish va sentyabr oyidan boshlab birja savdolariga faqat yuqori oktanli avtobenzin joylashtirilishi rejalashtirilgan edi. Shu bois, “O‘zbekneftgaz” AJ 2025 yil 2 sentyabrdan boshlab, AI-80 benzinini birja savdolari orqali sotishni to‘xtatdi.
O‘z navbatida AI-92 rusumidagi avtobenzinning birja savdolariga chiqarish hajmlari oshirildi. Shu vaqtga qadar 1000 tonna AI-92 benzini savdolarga qo‘yilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 1720 tonnani tashkil etmoqda. Ichki bozor talabidan kelib chiqib, bu hajmlarni oshirish imkoniyati mavjud.
Joriy avgust oyida tadbirkor iste’molchilar tomonidan xarid qilingan AI-80 rusumidagi avtobenzin hajmlari majburiyat va mavjud qoldiqlar doirasida sentyabr oyida ham o‘z egalariga yetkazib berilishi ma’lum qilinadi.