Bugun 18 iyun, 2025 yil, chorshanba

КИР

Ramazon oyida ayollarga tegishli hukmlar ​​​​​​​

A A A
Ramazon oyida ayollarga tegishli hukmlar ​​​​​​​

SAVOL: ayol kishi odat kunlarida ro‘za tutsa bo‘ladimi?

JAVOB: hayz va nifos chog‘ida ro‘za tutishlik joiz emas, keyinchalik qazosini tutib berishadi.

Ro‘zaning adosi to‘g‘ri bo‘lishining shartlaridan: hayz va nifosdan pok bo‘lishdir. Zero ulardan pok bo‘lish sahobiy kiromlarning ijmosi bilan ro‘zaning adosi to‘g‘ri bo‘lishi uchun shartdir. Badoyi’us Sanoyi’

Oisha roziallohu anhodan rivoyat qilingan quyidagi hadisning dalili bilan hayz va nifos ko‘rgan ayollar ro‘zaning qazosini tutib, namozning qazosini o‘qimaydilar. 

“Bizga o‘sha holat yetganda ro‘zaning qazosini tutishga buyurilar edik, namozning qazosini o‘qishga esa buyurilmas edik”. Maroqil Faloh

SAVOL: ayol kishi ro‘za tutayotganda odat qoni kelib qolsa nima qiladi?

JAVOB: O‘z-o‘zidan ro‘zasi ochilib ketadi va qazosini tutib berishi zimmasiga lozim bo‘ladi.

Hayz va nifos ro‘zani fosid  qiladi. Ro‘zaning qazosini vojib qiladi, kafforotni emas. Fatavoi Hindiya 

SAVOL: ro‘zani to‘liq tutish maqsadida dori iste’mol qilib, odat qonini kechiktirsa bo‘ladimi?

JAVOB:  odatiy qon kelmaguncha ayol kishi pok sanaladi va ro‘za tutishi joiz. Qonni to‘xtatib turish-turmaslik borasida shar’an qaytaruv yo‘q. Bu ish ayol kishining sog‘ligiga zarar qilmasa joiz, zarar qilsa joiz emas. 

SAVOL: emizikli, ro‘zador ayol ro‘zasi tufayli suti kamaysa yoki to‘xtab qolsa, ro‘zani tark qilsa bo‘ladimi?

JAVOB: agar bola sut o‘rnini bosadigan narsalarni iste’mol qilaversa yoki boshqa ayol sutini emaversa onaning ro‘zani tark qilishi joiz emas. Agar bunday sharoit topilmasa, ro‘za tutishni keyinroqqa qoldirsa bo‘ladi.

Homilador yo emizikli ayol o‘z jonlariga yoki bolalariga xavf sezsalar, ro‘zani qazo qiladilar. Ularga kafforot vojib bo‘lmaydi. “Xulosa”da ham shunday keltirilgan. Fatavoi Hindiya

SAVOL: ayol kishi qoldirgan ro‘zalarini ketma-ket tutib berishi zaruriymi?

JAVOB: uzri sababli qoldirilgan ro‘zaning qazosi farz, imkon qadar tezroq tutishi lozim. Lekin ketma-ket bo‘lishi shart emas.

Fuqaholarning ko‘pchiligi qazo ro‘zani orada qoldirmasdan, ketma-ket tutishning mustahab ekanligiga ittifoq qilganlar. Lekin bu narsa shart qilinmaydi. 

SAVOL: ayol kishining qazo ro‘zalari juda ham ko‘payib ketsa tavba qilib, istig‘for aytishi kifoya qiladimi?

JAVOB: beparvo va dangasaligi tufayli qoldirgan ro‘zalari zimmasida vojib bo‘lib turaveradi. Ularni ado qilish farzdir. Tavba, istig‘for bilan kechiktirganlik gunohi kechiriladi. Lekin zimmasidagi barcha qazo ro‘zalarini tutib berishi zarurdir. Qoldirgan ro‘zalariga umrlari yetarli bo‘lmasa qodir bo‘lgancha qazo ro‘zalarini tutib, qolganiga fidya to‘lashni vasiyat qilishlari lozimdir. 

Qodir bo‘lganlaricha qoldirgan ro‘zalarining qazolarini tutish farz bo‘ladi. fidya to‘lamaydilar, qazoni ketma-ket bo‘lishi zaruriy emas. Roddul Muhtor 

(Kasal, hayz va nifos ko‘rgan ayollar kabi uzrli kishilar) uzrlari ketgandan keyin vafot etsalar, sog‘ayganidan so‘ng yoki hayz va nifosi to‘xtaganidan so‘ng necha kun yashagan bo‘lsalar o‘shancha kun ro‘zasining fidyasini vasiyat qilishlari zimmalariga lozim bo‘ladi. 

SAVOL: kafforot ro‘zasini tutayotgan ayol hayz ko‘rib qolsa nima qiladi?

JAVOB:  qasddan ro‘zasini ochib qo‘ygani bois ikki oy kafforotini tutayotgan ayol orada hayz ko‘rib qolsa, kafforotni qaytadan boshlashi shart emas. Uzrlari ketgach davom ettirib ketaveradilar.

Kafforot ro‘zasini tutayotgan kishi yo ayol qaysidir uzr tufayli ikki oy ichida biror kun ro‘zasini ochib  yuborsa qaytadan boshlaydi. Hayz ko‘rish bundan mustasnodir. Nifos esa mustasno emas.  Roddul muhtor

SAVOL: ro‘zador ayol labiga bo‘yoq surtsa bo‘ladimi?

JAVOB: ro‘za holatida lab tashqi a’zo hisoblanadi. Shunday ekan unga lab bo‘yoq surtish bilan ro‘za ochilmaydi.  Kitabul Fatava (Xolid Sayfulloh Rahmoniy)

SAVOL: Ramazon oyida hayz va nifosi to‘xtagan ayol kunning qolgan qismida o‘zini yeb-ichishdan to‘xtatib turishi vojibmi?

JAVOB: Ramazon kunlarida subhi sodiqdan keyin xayz va nifosi to‘xtagan ayol kunning qolgan qismida o‘zini yeb-ichishdan to‘xtatib, ro‘zadorga o‘xshab turishi mustahab sanaladi. 

Subhi sodiq kirganidan keyin hayz va nifosdan pok bo‘lgan ayolga sahih qavlda (kunning qolganida) yeb-ichishdan to‘xtab turishligi vojib sanaladi. Bir qavlda mustahab sanaladi, deyilgan. Maroqil Faloh.

SAVOL: hayz, nifos ko‘rgan ayol ro‘za tutushiligi joiz bo‘ladimi?

JAVOB: bu holatda ro‘za tutish, yolg‘izligida ro‘zador kabi yeb-ichishdan o‘zini to‘xtatib turish xarom sanaladi. Odamlar orasida esa o‘zini yeb-ichishdan tiyib, ro‘zadorga o‘xshatib turishi Ramazonning extiromi va hayo sanaladi.  

Hayz va nifos holatida o‘zini yeb-ichishdan tiyib turish harom hisoblanadi. Chunki bu holatda ro‘za tutishlik xaromdir va haromga o‘xshatish ham harom sanaladi. Maroqil Faloh.

SAVOL: ayol kishi ro‘zador holatida genikolog tekshiruvidan o‘tsa bo‘ladimi?

JAVOB: ayol kishining jinsiy a’zosiga namlangan holdagi biror narsani kirishi bilan ro‘zasi ochiladi.

Ro‘zador ayol old yoki ort jinsiy a’zosiga barmog‘ini kirgizishi bilan ro‘zasi ochilmaydi, ho‘l barmog‘ini kirgizishi bilan esa ro‘zasi ochiladi. Shuningdek quruq barmog‘ini hammasini yoki ba’zi qismini kirgizib, tashqariga chiqarib so‘ng yana qayta kirgizishi bilan ham ro‘za ochiladi. Agar old jinsiy a’zosiga quruq paxta yoki shu kabi vositalarni kirgizsa va uning bir uchi tashqarida qolsa ro‘zasi ochilmaydi. Butunlay ichkariga kirgizib yuborsa, ro‘zasi ochiladi.  (Roddul Muhtor) 

SAVOL: ayol kishi qomati barobaricha suvni kechib o‘tishi natijasida ro‘zasi ochiladimi?

JAVOB: odatiy yo‘llardan ichkariga suv kirgani aniq bo‘lmasa ro‘zasi ochilmaydi. 

SAVOL: subhi sodiqdan keyin hayz qoni to‘xtash ehtimoli bor bo‘lgan ayol saharlik qilib ro‘zani niyat qilsa bo‘ladimi?

JAVOB: yo‘q mumkin bo‘lmaydi. Ayol kishining ro‘zasi ro‘za bo‘lishi uchun subhi sodiqdan avval hayzdan pok bo‘lgan bo‘lishi lozimdir. 

Ro‘zaning ado bo‘lishining shartlaridan: hayz va nifosdan pok bo‘lishdir. Zero ulardan pok bo‘lish sahobiy kiromlarning ijmosi bilan ro‘zani adosi to‘g‘ri bo‘lishi uchun shartdir. Badoyi’us Sanoyi’

SAVOL: subhi sodiqdan avval hayz qoni to‘xtagan ayol g‘usl qilmasdan ham ro‘za tutsa bo‘ladimi?

JAVOB: Hayz qoni subhi sodiqqacha g‘usl qilsa bo‘ladigan miqdor vaqtda to‘xtasa, garchi g‘usl qilmasada ro‘za tutishi lozim bo‘ladi.  Hayz qoni subhi sodiqqacha g‘usl qilsa ulgurmaydigan miqdor vaqtda to‘xtasa, ro‘za tutishi lozim bo‘lmaydi.

Ramazon oyida subhi sodiqacha g‘uslgina qilib olsa bo‘ladigan vaqtda ayolning  hayz qoni to‘xtasa o‘sha kunning ro‘zasini tutishi lozim bo‘ladi. Roddul Muhtor.

SAVOL: ayol kishi ro‘zadorligida kasalligi tufayli jinsiy a’zosiga biror narsa kirgizib olishi bilan ro‘zasi ochiladimi?

JAVOB: ichkariga narsa kirganligi bois ro‘zasi ochiladi. Agar subhi sodiqdan avval yoki iftorlikdan keyin jinsiy a’zosiga davolanish maqsadida biror narsa qo‘ysa va bu bilan ro‘zador holatida ham yursa ro‘zasi ochilmaydi. Orqa jinsiy a’zosiga kirgizilgan davoning ham hukmi shunday.  (Imdodul Fatavo)

fiqh.uz

Kiritildi: 03:00 28.04.2020. O'qildi: 83264 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!