Hukumat qarori bilan quruvchilarni qurilayotgan ob’ekt manzili bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi tasdiqlandi. Bu qaror ijrosini nazorat qilish ichki ishlar vaziri zimmasiga yuklandi.
Vazirlar Mahkamasida 23 dekabrda «Fuqarolarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibining takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.
Hujjat tadbirkorlik subektlari uchun xodimlarni ishga yollashda qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shuningdek, qurilish obektlari yoki ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) korxonalarining yashash uchun moslashtirilgan joylarida yashab, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibini soddalashtirish maqsadida qabul qilingan.
Qarorda qonunchilik hujjatlarida qurilish obektlariga yoki ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) korxonalariga ishlash maqsadida kelgan va ushbu obektlarning yashash uchun moslashtirilgan joylarida yashab, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibining belgilanmagani tadbirkorlar uchun noqulaylik tug‘dirmoqda.
Qurilish ob’ektlarida yoki ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) korxonalarida ishlash maqsadida kelgan va ushbu ob’ektlarning yashash uchun moslashtirilgan joylarida (vaqtincha inshootlar, moslashtirilgan binolar va konteyner uylarda) yashayotgan fuqarolar ushbu qurilish ob’ektlari yoki ishlab chikarish (xizmat ko‘rsatish) korxonalariga «Manzil» tizimi orqali vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.
Bunda fuqarolarni qurilish ob’ektlari yoki ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) korxonalariga vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish mazkur qurilish ob’ektlari yoki ishlab chikarish (xizmat ko‘rsatish) korxonalarida yashash uchun moslashtirilgan joylarning mavjudligi, ro‘yxatga olinayotgan fuqarolar turar joy bilan (texnika xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, sanitariya- epidemiologiya rejimi talablariga rioya etilgan holda) ta’minlanganligi hamda ularni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish haqida qurilish ob’ektlari yoki ishlab chikarish (xizmat ko‘rsatish) korxonalari rahbarlarining xati (roziligi) asosida amalga oshiriladi.
Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirishi belgilangan. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov zimmasiga yuklandi.