“Shaffof qurilish” MAT negizidagi “Reyting” axborot tizimida qurilish-pudrat va loyiha-qidiruv tashkilotlari tomonidan tender savdolarida ishtirok etishi uchun ularning reytinglari hisoblab borilmoqda. Shuningdek, korxonalarning reytingi davlat organlarining axborot tizimlari bilan integrasiya qilish orqali shakllantirilgan.
Reyting platformasida o‘tgan yilda jami 20 ming 140 ta qurilish-pudrat tashkiloti mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi davrga kelib 23 ming 576 taga ko‘paydi. Shuningdek, elektron reytingda mavjud korxonalar tomonidan joriy yilda 2021 yilga nisbatan, soliq tushumlari 41 trln. so‘mga, maxsus texnikalari soni 2 barobarga, band bo‘lgan aholi soni 58 foizga ortgan.
Qurilish sohasida davlat xaridlarining o‘tkazilishini ta’minlovchi maxsus elektron platforma vazirlik va idoralarning tizimlariga integrasiyalashgan ravishda ishtirokchilar haqidagi ma’lumotlarni inson omilisiz avtomatik ravishda olish imkonini beradi. Inson omili bartaraf etilgani hisobiga hamda ochiq va shaffof talablar belgilanishi natijasida qurilish-pudrat tashkilotlari o‘rtasida raqobat muhiti tobora sog‘lomlashib bormoqda.
Xususan, platformada jami 47 ming 546 ta tender o‘tkazilgan bo‘lib, ularda jami 12 ming 749 ta tashkilot ishtirok etgan. O‘tkazilgan tenderlarning jami qiymati 35,85 trln. so‘m bo‘lib, ushbu tenderlarda 34,08 trln. so‘mlik shartnomalar tuzilgan. Elektron tender platformasida tejab qolingan mablag‘lar 1,78 trln. so‘mni tashkil etadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tenderlarda inson aralashuviga yo‘l qo‘yilmagani natijasida davlat ob’ektlarida ishtirokchilar soni doimiy ortib bormoqda. 2022 yilda bitta tenderda qatnashuvchilarning o‘rtacha soni 4 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda o‘rtacha 6 ta ishtirokchi qatnashmoqda.