Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahridagi 6-sonli umumta’lim maktabida xizmat qilayotgan xodima G.U.ning sog‘ligiga doir tarqalgan xabarlar yuzasidan Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi:
G.U. 2023 yil 19 sentyabr kunidan buyon 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. Joriy yilning 8 oktyabr kuni xodima o‘z vaqtida ishga kelgan va muassasada o‘z xizmat vazifalarini bajargan.
Tushdan so‘ng u hamkasblariga sog‘ligidan shikoyat qilib, tabi qochayotganligini bildirgan va maktab hovlisiga toza havo olish uchun chiqqan vaqtida to‘satdan hushidan ketgan.
Bu holatdan xabar topgan maktab rahbari topshirig‘iga ko‘ra zudlik bilan “Tez yordam” xizmatiga murojaat qilingan. Rahbar shu zaxoti xodimaning turmush o‘rtog‘ini ham hodisadan ogohlantirgan.
Qisqa fursatda G.U.ning turmush o‘rtog‘i va “Tez yordam” mashinasi bir paytda yetib kelgan va xodima shifoxonaga olib ketilgan. Shifokorlar ma’lumotiga ko‘ra, bemorga insult tashxisi qo‘yilgan.
Bemor holidan maktab rahbariyati va jamoasi muntazam xabar olib turgan. Jamoa hamda kasaba uyushmasi tomonidan imkoniyati darajasida moddiy yordam ko‘rsatilgan.
Afsuski, bemor kasalligini yenga olmadi.