Qozog‘iston Respublikasidagi “Qozoqipaksanoat” birlashmasi rahbari Sulton Bakirov boshchiligida Turkiston viloyati tumanlari hokimlari va bir guruh tadbirkorlardan iborat delegasiya Andijon viloyati Marhamat tumanidagi “Ipak ko‘chat” tutchilik klasterida bo‘ldi.
Mehmonlar tutchilik va ipakchilikdagi “o‘zbek modeli”ni, tajribasini Qozog‘istonda joriy etish, hamkorlikda tut plantasiyalarini tashkil etish, hamda hozirgi kunga kelib yo‘qolib ketish arafasida turgan ipak qurti boqish an’anasini qayta tiklash maqsadida tashrif buyurdi. “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi bilan kelajakda hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqish, ipak qurti boqishning zamonaviy usullarini joriy qilishda mutaxassislar guruhini jalb etish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
– Bugungi kunda bizda mavjud tutzorlar ma’nan eskirgan, ipak qurti boqish uchun yaroqsiz holda, – deydi “Qozoqipaksanoat” birlashmasi rahbari Sulton Bakirov. – “Marhamat-2017” navli tutni O‘zbekistondan sotib olib, qozoq dalalarida tutchilik klasterlarini tashkil qilish niyatidaman. Bunga shaxsan Turkiston viloyati gubernatori rozilik bildirgan. Maqsad sizlardagi tajribani o‘zimizda joriy etish orqali mahalliy aholi bandligini ta’minlash va ularga daromad manbaiga ega bo‘lgan kasbni o‘rgatishdan iborat.