Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi “QirSabyn” (“KirSovun”) nomli anonim Telegram kanali adminlarini qo‘lga oldi. Ular mashhur kishilardan salbiy ma’lumotlarni e’lon qilmaslik evaziga pul talab qilganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Orda.kz xabar berdi.
Adminlar ustidan taniqli teleboshlovchi va inflyuyenser-bloger shikoyat qilgan. Shundan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organlar jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Kanal mualliflari blogerdan shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni oshkor etmaslik uchun pul talab qilgan.
U bosim va tahdidlar ostida uch ming dollar to‘lagan, ammo ta’qib davom etavergan. Shundan so‘ng jabrlanuvchi ariza yozishga majbur bo‘lgan, deyiladi xabarda.
Messenjerlardagi yozishmalar va pul o‘tkazmalari adminlarning aybdorligini tasdiqlagan. Anonim adminlarni topish qiyin bo‘lmagan. Ularning shaxsiy yozishmalari ortidan tovlamachilikka uchragan boshqa qurbonlar ham aniqlangan.
Anonim shaxslar o‘ta ehtiyotsizlik bilan ish tutgan — ular ochiqchasiga jim turish evaziga haq talab qilgan va go‘yo o‘zlarining jazosiz qolishlariga ishongan, deydi Orda.kz manbasi.
“QirSabyn” anonim kanali qariyb 110 ming obunachiga ega bo‘lib, faqat shaxsiy hayot haqidagi ma’lumotlarga, boshqacha aytganda, yulduzlar, inflyuyenserlar va hatto jamoat arboblari haqidagi ko‘pincha o‘ylab topilgan g‘iybatlarga ixtisoslashgan. Xususan, so‘nggi uchta post Olmaota jamoatchisi Sanjar Boqoyevga bag‘ishlangan. Eng oxirgisi 11 dekabr sanasiga to‘g‘ri keladi. Kanalning shiori: Har bir “toza”ning sovuni kir, lekin kir narsalar hech qachon toza bo‘lmaydi.