Qozog‘istonning yirik «Makinskaya ptisefabrika» parrandachilik zavodi tovuq go‘shtida o‘limga olib keladigan listeriya bakteriyalari topildi. Mikroorganizm markaziy asab tizimiga ta’sir qiladi va ensefalit bilan meningitga, hatto o‘limga olib kelishi mumkin. Bu haqda Rossiyaning Mash telegram kanali xabar berdi.
Qayd qilinishicha, zavod Rossiya, Qirg‘iziston va O‘zbekistonga tovuq go‘shtini katta hajmda yetkazib beradi. Rossiyaning Oltoy o‘lkasi bo‘yicha «Rosselxoznadzor» xodimlari Barnaul shahrida parranda go‘shtini sinovdan o‘tkazgan. Laboratoriya tekshiruvlari go‘shtda xavfli Listeriya bakteriyalari mavjudligini aniqlagan. Tovuq go‘shti partiyasi musodara qilinib, mahsulotlar ustidan qattiq nazorat joriy etilgani ta’kidlanmoqda.
Listerioz yuqumli kasalligining inkubasiya davri 90 kungacha davom etadi. Patogen nafaqat markaziy asab tizimiga, balki reproduktiv organlarga ham ta’sir qiladi. Infeksiyaning asosiy yuqish yo‘li - bakteriyalar mavjud bo‘lgan go‘shtni iste’mol qilish. Kasallik homilador ayollar, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, qariyalar, saraton kasalligiga chalinganlar va immuniteti zaif odamlar uchun ayniqsa xavflidir.