Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaga II darajali «Dostiq» («Do‘stlik») ordenini topshirdi. Bu haqda Akorda matbuot xizmati xabar berdi.
Tanzila Norboyeva boshchiligidagi parlament delegasiyasi 18−19 avgust kunlari Qozog‘iston Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘lib turibdi. Tashrif davomida u mamlakat prezidenti bilan ham uchrashgan. Uchrashuvda strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining dolzarb masalalari muhokama qilingan.
«Sizning tashrifingiz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash nuqtai nazaridan juda muhim. Biz barcha jihatdan O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz. Bu Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning muhim omili, deb hisoblaymiz. Mamlakatlarimiz munosabatlari qancha yaxshi va samarali bo‘lsa, butun mintaqada vaziyat shuncha tinch bo‘ladi. Sizning tashrifingiz, ayniqsa, parlamentlararo aloqalarni kuchaytirish nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega», – degan To‘qayev.
O‘z navbatida Tanzila Norboyeva ham samimiy qabul uchun Qasim-Jomart Tokayevga minnatdorlik bildirgan va Prezident Shavkat Mirziyoyevning salomlarini yetkazgan.
«U kishi sizga samimiy salomlari va yuksak tilaklarini yo‘lladilar. Shuningdek, erishilgan barcha kelishuvlarni shaxsan o‘z nazoratida ushlab turganini bildirdilar. Biz Prezidentning butun jamoasi sifatida, parlamentni ham qo‘shgan holda, ularni amalga oshirish uchun ishlaymiz. Qozog‘iston O‘zbekiston uchun, O‘zbekiston esa Qozog‘iston uchun – eng yaqin va ishonchli hamkorlardir», – dedi senat raisi.
Qosim-Jomart To‘qayev fursatdan foydalanib, Prezident Shavkat Mirziyoyevga ham samimiy tilaklarini yo‘lladi.
Ma’lumot uchun, Tanzila Norboyeva 1956 yilda tug‘ilgan. 2010–2016 yillarda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi kengashiga rahbarlik qilgan. 2016–2019 yillarda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida ishlagan. 2019 yildan buyon O‘zbekiston Oliy Majlisi senatiga rahbarlik qilmoqda. 2020 va 2024 yillarda qayta saylanib, lavozimini saqlab qolgan.