Qorabog‘da 19—20 sentyabr kunlari o‘tkazilgan “mahalliy aksilterror tadbirlari” davomida 192 nafar ozarbayjonlik askar halok bo‘ldi.
Ozarbayjon Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlarning 180 nafari Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari, 12 nafari esa Ichki ishlar vazirligi xodimlaridir. Bundan tashqari, xabarda aytilishicha, bir fuqaro ham halok bo‘lgan.
SSV bayonotiga ko‘ra, 511 nafar harbiy xizmatchi va bir fuqaro jarohatlangan.
Qorabog‘dagi aksilterror operasiyasi
19 sentyabr kuni Ozarbayjon “konstitusiyaviy tuzumni tiklash” maqsadida Qorabog‘da mahalliy aksilterror tadbirlarini e’lon qildi va tan olinmagan respublika hududini o‘qqa tuta boshladi. Bu arman tomonining provokasiyalari, jumladan, Ahmadbeyli—Fuzuli—Shusha trassasida avtomobil portlashi oqibatida ozarbayjonlik polisiya xodimlarining halok bo‘lishi bilan izohlangan.
20 sentyabrda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishildi – uning shartlaridan biri Qorabog‘ armiyasini qurolsizlantirish va arman harbiylarini tan olinmagan respublikadan olib chiqib ketish edi.
Rossiya Mudofaa vazirligi 20 sentyabr kuni Qorabog‘da rossiyalik tinchlikparvar kuchlar halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Ular orasida tinchlikparvar kontingent qo‘mondoni o‘rinbosari Ivan Kovgan ham bor. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Vladimir Putin bilan suhbatda sodir bo‘lgan voqea uchun uzr so‘radi.