Yoshlik – inson hayotidagi eng muhim davr hisoblanadi. Chunki bu vaqt quvvat, g‘ayrat, harakatlar yengil va a’zolar baquvvat bo‘lgan davrdir. Zero, inson qanchalik qarisa quvvati shunchalik zaiflashib boradi.
Muqaddas islom dinimiz ham insonning yoshlik davriga katta e’tibor qaratgan. Bu davrni ulug‘lab, uning muhimligini ta’kidlagan xabarlar juda ko‘p kelgan. Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam ham ushbu davrni g‘animat bilib uni zoye ketkazishdan ehtiyot bo‘lishga chaqirganlar. Bunga quydagi hadis dalil bo‘ladi: Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishiga nasihat qila turib: “Besh narsani besh narsadan oldin g‘animat bil: qarilikdan oldin yoshlikni, kasalikndan oldin sog‘liqni, kambag‘alikdan oldin boylikni, mashg‘ulikdan oldin bo‘shlikni, o‘limdan oldin tiriklikni” dedilar. (Imom Hokim o‘z mustadraklarida rivoyat qilganlar).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “o‘limdan oldin tiriklikni g‘animat bil” degan gaplari yoshlik davrini ham o‘z ichiga oladi, lekin u zot sollallohu alayhi vasallam bu davrni alohida ta’kidlab xoslab qo‘ydilar. Shunday ekan, biz bu vaqtni nima bilan o‘tkazayotganimizga e’tibor berib, beparvo bo‘lmasligimiz lozim bo‘ladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolasinig qadami Robbisning huzuridan besh narsa haqida so‘ralmagunicha bir qadam ham siljimaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshligini nimaga sarflagani, molini qayerdan kasb qilgani va qayerga sarflagani va ilmiga qanday amal qilgani haqida” dedilar.
E’tibor bering, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kishi Qiyomat kunida hayoti haqida ikkita savol bilan so‘ralishi xaqida xabar berdilar: birinchisi, hayoti xaqida boshidan oxirgacha; ikkinchisi, xossatan yoshligi haqida. Agarda inson umrining hammasi haqida so‘ralsa, shuning ichida yoshligi haqida ham so‘raladi, lekin umrining bu davrining hisob-kitobi alohida bo‘ladi. Shuning uchun ham yoshlarga bu davrning qanchalar muhimligini his qilib, Alloh taolo qiyomat kuni umrining hammasida qanday amal qilganini so‘rashi bilan birga yoshligidagi amallarning hisob-kitobini alohida qilishini yodida saqlashi kerak bo‘ladi. Chunki bu davr yuqorida zikr qilib o‘tganimizdek a’zolar kuch-quvvatga to‘lgan va harakatlar yengil bo‘lgan davrdir.
Yuqorida aytib o‘tilgan hadisi shariflardan ko‘rinib turibdiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ahli ilm va yoshlarning tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan kishilarga yoshlarni tarbiyasiga katta e’tibor berishga undamoqdalar. Chunki yoshlar har doim parvarishga, mehrga, to‘g‘ri yo‘lga boshlovchiga muhtoj bo‘ladirlar.
Shuning uchun ham sahobai kiromlar bu masalaga jiddiy e’tibor berganlar. Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhu agar yoshlarni ko‘rsalar: “Rasulullohning vasiyatlari xush kelibsizlar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga sizlarni majlislarimizga qo‘shishga va sizlarga hadis o‘rgatishga vasiyat qilganlar. Albatta, sizlar bizning xalifalarimizdirsizlar va bizdan keyingi hadis ahlisizlar” der edilar.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu agar yoshlarning ilm talab qilayotganini ko‘rsalar shunday der edilar: “Hikmatning boshlanishlari, zulmatning chiroqlari, kiyimlari juldur, qalblari yangi, qabilalarning rayhonlari xush kelibsizlar”.
Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflari va sahobai kiromlardan qilingan rivoyatlardan bilib olishimiz mumkinki, yoshlik inson hayotida muhim o‘rin tutadi. Shunday ekan, biz yoshlar hayotimizni islom ta’limotlari bilan bezashimiz lozim bo‘ladi. Buning uchun esa biz salafi solihlarning yoshlarga bergan nasihatlarini o‘rganib ularga qo‘ldan kelgancha amal qilishimiz kerak.
Manba: muslim.uz