Bugun 8 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

Qiyomat arafasida kimlarga yoqimli shabada yuboriladi?

Qiyomat arafasida kimlarga yoqimli shabada yuboriladi?

Birinchi sur chalinishi yaqinlashganda, Alloh taolo ipakdan ham muloyimroq bo‘lgan yoqimli shabada yuboradi. O‘sha shabada qalbida zarracha iymoni bor kishiga yetib borib, uning ruhini qabz qiladi. Chunki qiyomat faqat insonlarning eng yomonlari ustida qoim bo‘ladi.

Keyin Alloh taolo Isrofil alayhissalomga birinchi surni chalishni amr qiladi. Shundan keyin Yer yuzidagi barcha tirik jon vafot etib yerga yiqiladi. Dunyo shu holatda qirq yil turadi. Barcha narsa tuproq ostida bo‘ladi. Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:

(Ey, Muhammad!) Ular Sizdan tog‘lar (qiyomatda nima bo‘lishi) haqida so‘rasalar, bas, ayting: Parvardigorim ularni (chang-to‘zon kabi) sochib yuborur .

So‘ngra (Erni) tep-tekis qilib qo‘yar .

Unda na egrilik (pastlik) va na balandlikni ko‘rasiz (Toha surasi, 105 107-oyatlar).

Alloh taolo boshqa oyatlarda bunday deb marhamat qilgan:

Bu Yer boshqa Yerga va osmonlar (o‘zga osmonlarga) almashtiriladigan hamda (barcha odamlar) yolg‘iz va g‘olib Allohga ro‘baro‘ bo‘ladigan Kunda (qiyomatda intiqom oluvchi)dir (Ibrohim surasi, 48-oyat).

Dunyoda hech kim qolmaganida, bu Yer boshqa Yerga va osmonlar (o‘zga osmonlarga) almashtiriladigan Kunda Alloh taolo (O‘zi bilib tursa-da): Ey o‘lim farishtasi, xalqlardan kim qoldi? deb so‘raydi. Insonlar vafot etgan, jinlar vafot etgan, farishtalar vafot etgan bo‘ladi.

Alloh taoloning:

Har bir jon o‘lim (achchig‘i)ni totuvchidir (Oli Imron surasi, 185-oyat) oyati nozil bo‘lganida, farishtalar Biz nafslar emasmiz, balki pokiza ruhlarmiz degan ekanlar. Shunda Alloh taoloning:

(Er) yuzidagi barcha mavjudot foniydir (Ar-Rohman surasi, 26) oyati nozil bo‘lgan. Shunda farishtalar: Biz Yer ahli emasmiz. Biz osmonda yashovchilarmiz deyishgan ekan. Keyin Alloh taoloning:

Uning yuzi dan boshqa barcha narsa halok bo‘luvchidir. Hukm Unikidir va(barchangiz) Uning huzurigagina qaytarilursiz (Qosos surasi, 88) oyati nozil bo‘lganda, farishtalar Allohga sajda qilgan hollarida yiqildilar va Boqiylik yolg‘iz Uniki bo‘lgan Zot Pokdir! dedilar. Natijada farishtalar ham vafot etdilar. Yer yuzidagi insonlar, qushlar, osmondagi farishtalar va barcha jonzotlar vafot etdilar. Faqat Alloh va Uning O‘zi xohlagan bandalari qoldi.

Alloh taolo (O‘zi bilib tursa-da) o‘lim farishtasidan: Ey o‘lim farishtasi, xalqlardan kim qoldi? deb so‘raydi . O‘lim farishtasi: Ey Rabbim, faqat Jabroil, Mikoil, Isrofil va zaif, ojiz bandang bo‘lmish men huzuringdaman deydi. Alloh taolo o‘lim farishtasiga: Hoy o‘lim farishtasi, Jabroilning ruhini qabz qil! deb amr qiladi. U Jabroilning ruhini qabz qiladi.

Alloh taolo (O‘zi bilib tursa-da) o‘lim farishtasidan: Ey o‘lim farishtasi, xalqlardan kim qoldi? deb so‘raydi . O‘lim farishtasi: Ey Rabbim, faqat Mikoil, Isrofil va zaif, ojiz bandang bo‘lmish men huzuringdaman deydi. Alloh taolo o‘lim farishtasiga: Hoy o‘lim farishtasi, Mikoilning ruhini qabz qil! deb amr qiladi. U Mikoilning ruhini qabz qiladi.

Alloh taolo o‘lim farishtasiga: Hoy o‘lim farishtasi, Isrofilning ruhini qabz qil! deb amr qiladi. U Isrofilning ruhini qabz qiladi.

Keyin Jabbor jalla jalaluhu (O‘zi bilib tursa-da) o‘lim farishtasidan: Ey o‘lim farishtasi, xalqlardan kim qoldi? deb so‘raydi . O‘lim farishtasi: Bandalaringdan faqat zaif, ojiz bandang bo‘lmish men qoldim. Huzuringdaman deydi. Shunda Alloh taolo unga: Vafot et, hoy o‘lim farishtasi! deb amr qiladi. O‘lim farishtasi vafot etadi. Vafot etayotgan chog‘ida o‘lim achchig‘ini totadi va: Izzating va Jalolingga qasamki, agar o‘lim mastligi shunaqa achchiq va og‘ir bo‘lishini bilganimda, bandalarning jonlarini olishni menga topshirmasligingni Sendan so‘ragan va bu gapim uchun afv etishingni o‘tingan bo‘lardim deydi. Shunday qilib o‘lim farishtasi ham vafot etadi.

Keyin Alloh taolo vayronaga aylangan dunyoga nazar soladi. Quyosh o‘rab qo‘yilgan, yulduzlar o‘z joylaridan to‘kilgan, tog‘lar o‘z joylaridan jildirilgan, dengizlar kuydirilgan, osmon Yer ustidan sidirib olingan, jannat taqvodorlarga yaqin qilingan, do‘zax kofirlar uchun qizdirilgan.

Alloh taolo bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolgan dunyoga nazar soladi va Ey dunyo, gullaring qani, daraxtlaring qani, dengizlaring qani, qasrlaring qani, podshohlar qani, podshohlarning o‘g‘illari qani, zolimlar qani, zolimlarning o‘g‘illari qani, Mening yaxshiligimni ko‘rib, ne’matimdan bahramand bo‘lib, Mendan boshqaga ibodat qilganlar qani?! deb so‘raydi.

Keyin Alloh taolo:

Bugun podshohlik kimnikidir? (deb so‘rab O‘zi aytur:) Vohid (yagona) va Qahhor(g‘olib) Allohnikidir (G‘ofir surasi, 16-oyat).

Manba: islom.uz

Kiritildi: 12:07 17.04.2019. O'qildi: 8087 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!