Bugun 21 avgust, 2025 yil, payshanba

КИР

Qisqa videolar miya faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlandi

Qisqa videolar miya faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlandi

Tadqiqotchilarga ko‘ra, TikTok va Instagram videolarini ortiqcha tomosha qilish miyada xavfli o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi.

Xitoydagi Tianjin pedagogika universiteti olimlari olib borgan tadqiqotda, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qisqa videolarga ortiqcha berilish nafaqat vaqt o‘tkazish vositasi, balki miya faoliyatini jiddiy o‘zgartirishi mumkinligi qayd etildi. Ushbu natijalar «NeuroImage» jurnalida chop etildi.

Neyrobiologlar fikriga ko‘ra, bunday qisqa roliklar miyaga darhol «arzon» dofamin dozasini beradi. Bunday doza asab tizimini yemiradi va narkotikka yoki qimor o‘yinlariga qo‘yilgan ruju singari bog‘lanib qolishni shakllantiradi. Natijada inson impulsiv bo‘lib qolishi, diqqatini jamlash va hissiyotlarini nazorat qilish qobiliyati susayishi mumkin.

Tadqiqotda qayd etilishicha, qisqa videolarni ko‘p tomosha qiladigan insonlarda oddiy zavq manbalari jozibasini yo‘qotadi. Kitob o‘qish, odamlar bilan muloqot qilish yoki oddiy dam olish ular uchun kam qiziqarli ko‘rina boshlaydi. Bu holat odatdagi qaramlik mexanizmlarini eslatib, inson tobora kuchliroq stimul izlashga o‘rganib qoladi.

Roliklarni doimiy varaqlab turish bosh miyaning xursandchilik, diqqat-e’tibor, o‘qish-o‘rganish, ishlash, sabr va iroda uchun mas’ul frontal old qismi zararlaydi. Cheksiz ravishda kelayotgan yorqin va tezkor stimullar insonning ma’lumotni eslab qolish qobiliyatiga va o‘zini tiyish imkoniyatiga salbiy ta’sir qiladi. Olimlar buni spirtli ichimlikka ortiqcha ruju qo‘yishdan keyin kuzatiladigan kognitiv buzilishlarga qiyoslamoqda.

Shu bilan birga, kechki paytda TikTok yoki Reels ko‘rish uyqu jarayonlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi. Ekranning yorug‘ligi va emosional jihatdan kuchli kontent insonning biologik ritmini buzib, melatonin ishlab chiqilishini sekinlashtiradi. Bu esa xotira va o‘rganish jarayonlariga ta’sir qilib, hatto yetarli uxlaganda ham ertalabki «xiralik»ka sabab bo‘ladi.

Olimlar raqamli «gigiyena» qoidalariga amal qilishni tavsiya etmoqda. Jumladan, ekran oldida o‘tkaziladigan vaqtni cheklash, qisqa tanaffuslar qilish va internet faoliyatini turli faoliyatlar bilan uyg‘unlashtirish taklif etilmoqda. Bunday yondashuv insonning ruhiy salomatligini asrab, ongli ravishda ko‘ngilochar materiallardan bahramand bo‘lish imkonini beradi.

Kiritildi: 20:32 18.08.2025. O'qildi: 518 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!