Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda Xitoy tajribasidan foydalaniladi

Qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda Xitoy tajribasidan foydalaniladi
Toshkentda 10 sentyabr kuni “Xitoy Xalq Respublikasining qishloq xo‘jaligini isloh qilish bo‘yicha tajribasi va uni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyati” mavzusida O‘zbekiston – Xitoy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
 
Anjumanda parlament a’zolari, vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, shuningdek, XXR Xalq vakillari Umumxitoy majlisi delegasiyasi vakillari ishtirok etdi.
 
Keyingi yillarda O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari ikki davlat rahbarlarining muntazam tus olgan muloqotlari natijasida yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil aprel oyida “Bir makon – bir yo‘l” xalqaro forumi doirasida XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida ko‘plab yo‘nalishlar, jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur konferensiya ham ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi uzviy muloqotning, sermahsul kelishuvlarning natijasi sifatida tashkil etildi.
 
Agrar sohani isloh qilishning o‘ziga xos yo‘lini tanlagan Xitoy qishloq xo‘jaligida ulkan yutuqlarga erishgan davlatlardan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, mazkur mamlakatning ilg‘or tajribasini joriy etish orqali O‘zbekistonning agrar sohadagi salohiyatini yuzaga chiqarish imkoniyati mavjud.
 
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilish, sohaga bozor mexanizmlarini joriy etish, mahsulotni qayta ishlash tizimi va qo‘shimcha qiymatni shakllantirishni yanada takomillashtirishda sezilarli natijalarga erishilmoqda. Sohani rivojlantirish bo‘yicha uzoq istiqbolli yangi vazifalar belgilab olingan. Xususan, asosiy o‘sish marrasi, iqtisodiyotning drayveri sifatida mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini 2020-2030 yillarda rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida minglab yangi ish o‘rinlari yaratish, aholining real daromadini oshirishga erishiladi.
 
Anjumanda agrar tarmoqqa innovasion texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga alohida urg‘u berildi. Ma’lumki, qishloq xo‘jaligiga innovasion g‘oyalarni joriy etish XXR iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Agrar tarmoqni samarali isloh qilish va qishloq hududlarini rivojlantirish tufayli Xitoy ozuqa ekinlari, chorvachilik mahsulotlari, meva-sabzavot yetishtirish hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatga aylandi.
 
Iqtisodiyotning agrar sektorini modernizasiya qilishda fan va texnologiyalar muhim o‘rin tutadi. Ishlab chiqarishni axborotlashtirish va intellektuallashtirish tufayli qishloq xo‘jaligiga agroinnovasiyalarni joriy etish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash barobarida dehqonlar daromadi ortishiga ham xizmat qiladi.
 
Konferensiyada mamlakatlarimiz hamkorligini rivojlantirish jarayonida suv xo‘jaligini yaxshilash masalasi ham muhim ekani ta’kidlandi. Zero, suv resurslari cheklanganligi muammosi Xitoy uchun ham, Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, O‘zbekiston uchun ham dolzarb. Shu ma’noda, sug‘orishning Xitoy amaliyotida sinovdan o‘tgan samarali usullari anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
 
Anjumanda qishloq xo‘jaligini ekologik jihatdan rivojlantirish va agrar tarmoqda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi innovasion biotexnologiyalarni, sohani monitoring qilish tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish kabi boshqa bir qator masalalar ham muhokama etildi.
 
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish, erkin savdo hududlarini rivojlantirish hamda erkin iqtisodiy zonalarning O‘zbekiston mintaqalarini iqtisodiy rivojlantirishdagi o‘rnini oshirish lozimligi qayd etildi.
 
XXR Xalq vakillari Umumxitoy majlisi delegasiyasi a’zolari shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan ham uchrashdi.
Manba: uza. uz
Kiritildi: 21:30 10.09.2019. O'qildi: 2752 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!