Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston chegarachilari ikki qirg‘iz fuqarosini qo‘lga olish paytida qurol ishlatib, ularning halok bo‘lishiga sababchi bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, 25 avgust kuni Chotqol tumani Ayg‘ir-Jal qishlog‘ida yashovchi ikki kishi yo‘qolgani haqida huquq-tartibot organlariga murojaat kelib tushgan. Keyinchalik, 28 avgust kuni ikki davlat chegara vakillari uchrashuvi chog‘ida O‘zbekiston tomoni 15 avgust kuni Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston chegaralari tutashgan hududda ikki noma’lum shaxs aniqlanganini bildirgan.
O‘zbekiston chegarachilariga ko‘ra, ularni to‘xtatishga urinilganda fuqarolar talablarga itoat etmagan va shu sababdan qurol qo‘llanilgan. Natijada ikki kishi o‘qdan halok bo‘lgan.
31 avgust kuni marhumlarning qarindoshlari O‘zbekistonga borib, jasadlarni tanib olgan. Ular ekspertiza uchun Qirg‘izistonga topshirilgan. Shuningdek, o‘ldirilgan shaxslarga tegishli bo‘lgan mol-mulk — uchta ot va bir chodir ham qaytarib berilishi ma’lum qilingan.
Ma’lumotga ko‘ra, Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegara xizmatlari 2 sentyabrdan boshlab ushbu holat yuzasidan qo‘shma tergov ishlarini olib boradi.