AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan G‘azo tinchlik rejasi o‘t ochishni to‘xtatishni ta’minlaydi, ammo unda aniqlik va muzokaralar talab qilinadigan tafsilotlar mavjud.
Bu haqda Qatar bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon Ol-Tani Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Trampning rejasi urushni tugatishdek asosiy maqsadiga erishadi, biroq unda aniqlik va muzokaralar olib boriladigan masalalar bor”, — dedi u va Qatar va Misr vositachilari hujjatni XAMASga topshirayotganda “asosiy maqsad urushni to‘xtatish ekanligini aniq ko‘rsatganini” ta’kidladi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, rejaning tamoyillari kecha taqdim etilgan, biroq tafsilotlar va amalga oshirish usullari muhokama qilinishi kerak. Uning qayd etishicha, ayniqsa, Isroil qo‘shinlarini olib chiqib ketish masalasi aniqlik kiritishni talab qiladi.
Qatar TIV rahbari “hamma rejaga konstruktiv yondashib, urushni tugatish imkoniyatidan foydalanishiga” umid bildirdi.
Trampning G‘azo tinchlik rejasi avvalroq Oq uy tomonidan Amerika rahbari va Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng e’lon qilingan edi. Netanyaxu AQSh tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
20 banddan iborat rejada barcha isroillik garovga olinganlarni ozod qilish, Xamas taslim bo‘lishi, G‘azo sektoriga zarur insonparvarlik yordami yetkazilishi va anklavni texnokratik, siyosiy bo‘lmagan Falastin ma’muriyati boshchiligidagi muvaqqat ma’muriyatga topshirish ko‘zda tutilgan. Netanyaxu rejaga o‘zgartirish kiritdi: Isroil armiyasi bo‘linmalarining G‘azodan bosqichma-bosqich olib chiqilishi endi XAMASni qurolsizlantirishdagi taraqqiyot bilan bevosita bog‘liq va Isroilga olib chiqishni to‘xtatish huquqi berilgan.