Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida jami 20 kg 288 gramm giyohvandlik vositalari musodara qilindi.
Bu haqda DXX xabar qildi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Toshkent shahrida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro Ohangaron tumanidagi dala maydoniga narkokur’erlar tomonidan yashirib ketilgan 4 kg 935 gramm “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasini olayotgan vaqtida ushlandi. Aniqlanishicha, u internet-narkodo‘konning “omborchi” lavozimida ishlab, giyohvandlik vositalarini “zakladka” usulida olib, qismlarga ajratgan holda mamlakatning turli hududlariga tarqatish bilan shug‘ullangan.
Shuningdek, DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahri Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi, 1981 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs to‘xtatildi. Uning qo‘lidagi xo‘jalik qopi ko‘zdan kechirilganda, undan 9 kg 829 gramm “gashish” aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Qashqadaryo viloyatida esa Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir davomida Qarshi shahrida yashovchi, 1959 yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadoni ko‘zdan kechirildi. Natijada, u qo‘shni davlatlardan olib kelingan 4 kg 652 gramm “opiy”, 380 gramm “gashish” va 492 gramm “marixuana” giyohvandlik vositalarini sotish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlandi.