Evropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas 9 may kuni Lvovda Kiyevga mudofaa uchun yana 1 milliard yevro ajratilishini, shuningdek, Ukrainaga qarshi tajovuz jinoyati bo‘yicha Maxsus tribunal tashkil etish jarayonidagi yakuniy bosqichni e’lon qilishi haqida dw xabar bermoqda.
Kallas bu bayonotni 8 may kuni Varshavada Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari norasmiy uchrashuvida berdi. U "ertaga biz harbiy jinoyatlar va tajovuzkorlik jinoyatlari bo‘yicha tribunal tuzishga yakuniy siyosiy rozilik beramiz" deb ta’kidladi.
Norasmiy ravishda "Putin tribunali" deb nomlanayotgan Maxsus tribunal loyihasi allaqachon tayyor bo‘lib, siyosiy ma’qullashni kutmoqda. Xalqaro huquqshunoslikda tajovuz jinoyati uchun javobgarlik davlatning oliy rahbariyati zimmasiga yuklanadi, bu esa xalqaro siyosatda muhim qadam hisoblanadi.
Bundan tashqari, Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Yevrokomissiya 20 maygacha Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 17-paketini qabul qilmoqchi. Kallasning aniqlik kiritishicha, yangi sanksiyalar tafsilotlari hali kelishilmagan.