Donald Tramp Vladimir Putin bilan yaxshi munosabatlarga ega ekanligini ta’kidlamoqda, biroq Ukraina Rossiya prezidenti o‘zining AQShdagi hamkasbini boshqarishga va potentsial muzokaralarda Kiyev hamda Yevropani chetga surib qo‘yishga intilayotganiga ishonmoqda.
Ukraina Rossiya prezidenti Vladimir Putinni AQSh yangi prezidenti Donald Trampni Ukraina yoki Yevropa ishtirokisiz urushni o‘z shartlari asosida tugatish uchun "manipulyasiya" qilishga urinayotganlikda aybladi.
"Putin Yevropasiz Yevropa taqdirini hal qilmoqchi va Ukrainasiz Ukraina haqida gaplashmoqchi," - dedi Ukraina prezidentining maslahatchisi Andriy Yermak, Rossiya Kreml boshlagan urush bo‘yicha AQSh bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishga intilayotganidan ogohlantirdi.
Keyinroq, xavfsizlik xizmati rahbarlari bilan o‘tkazilgan brifingda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy "Putinning urushni davom ettirishga va jahon yetakchilarini manipulyasiya qilishga tayyor"ligidan ogohlantirdi.
"U Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidentining tinchlikka erishish istagini manipulyasiya qilmoqchi," - dedi Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlardagi kundalik kechki murojaatida, ammo "bundan buyon hech qanday rus manipulyasiyalari muvaffaqiyatli bo‘lmasligiga ishonchi komil"ligini qo‘shimcha qildi.