Rossiya prezidenti Vladimir Putinning fikricha, Donald Tramp 2020 yilgi AQSh prezidentlik saylovlarida adolatsizlikka duch kelgan.
Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (SPIEF) yalpi majlisida so‘zlagan Putin saylov jarayonida qonunbuzarliklar bo‘lgan deb hisoblashini bildirdi.
«Agar u (Tramp) saylovlarda aldalmaganida... Menimcha, o‘sha saylovlarda aniq qonunbuzarliklar bo‘lgan. Pochta orqali ovoz berish hech qanday xalqaro standartlarga javob bermaydi. O‘shanda unga hokimiyatga kelish imkoni berilmagan edi. Agar u hokimiyat tepasida bo‘lganida, bu (Ukraina mojarosi) sodir bo‘lmas edi», — dedi Putin.
Rossiya rahbari, shuningdek, Donald Tramp Ukrainadagi mojaroni hal qilish masalasida Jo Bayden boshchiligidagi avvalgi AQSh ma’muriyatiga nisbatan ko‘proq tinch yo‘l bilan yechim topishga intilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Putinning mazkur bayonoti uning avval ham bir necha bor bildirgan pozisiyasini takrorlaydi. Biroq 2020 yilgi AQSh prezidentlik saylovlari natijalari mamlakat sudlari, shtat saylov komissiyalari va federal idoralar tomonidan tasdiqlangan. Saylovlarda keng ko‘lamli soxtalashtirish bo‘lgani haqidagi da’volarni tasdiqlovchi dalillar rasman aniqlanmagan.