Bugun 2 sentyabr, 2025 yil, seshanba

КИР

Prezident maslahatchisi bo‘lgan marhum Rustam Qosimov mukofotlandi

Prezident maslahatchisi bo‘lgan marhum Rustam Qosimov mukofotlandi

Prezident 2017-2021 yillarda O‘zbekiston prezidentining Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi hamda jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimlarida ishlagan, davlat va jamoat arbobi, olim va pedagog, marhum Rustam Qosimovni «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlashga doir farmonni imzoladi.

Hujjatda marhum maslahatchi «mamlakatimiz mustaqilligini va uning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, o‘zining katta bilim va salohiyati, tashabbuskorlik va tashkilotchilik fazilatlari bilan yurtimizda sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, diplomatiya, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qo‘shgan ulkan hissasi, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, millatlar va dinlararo do‘stlik va hamjihatlikni kuchaytirish, milliy va umumbashariy qadriyatlarni keng targ‘ib etish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lida ko‘rsatgan jonbozligi hamda tavalludining 70 yilligi munosabati bilan» taqdirlangani aytiladi.

Rustam Qosimov 2021 yil may oyida 65 yoshida vafot etgan edi.

U 2001-2004 yillarda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari, 2004-2008 yillarda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri - 2004-2009 yillarda bosh vazirning fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan. 2009-2011 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori lavozimida ishlagan, 2011 yilda lavozimni tark etib, pensiyaga chiqqan.

U 2016 yil sentyabrida yana bosh vazir o‘rinbosari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimini egallagan.

2017 yil iyunida O‘zbekiston prezidenti Davlat maslahatchisi birinchi o‘rinbosari – Tashkiliy-kadr xizmati rahbari – O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori lavozimiga tayinlangan (shu kungacha akademiya rektori edi), 2017 yil noyabr oyi oxirida esa O‘zbekiston prezidentining Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi etib tayinlangan. 2018 yilda prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ish boshlagan. U 2019 yildan buyon O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga ham rektorlik qilib kelayotgandi.

Kiritildi: 12:43 30.08.2025. O'qildi: 940 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!