Bugun 6 aprel, 2026 yil, dushanba

КИР

Prezident bozor va savdo majmualarida soliq nazorati to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganini aytdi

Prezident bozor va savdo majmualarida soliq nazorati to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganini aytdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 aprel kuni soliq ma’murchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishdi.

So‘nggi ikki yilda soliq bazasi kengaygani hisobiga byudjetga tushumlar hajmi iqtisodiyot sur’atlariga nisbatan tezroq o‘smoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham mazkur natijalarga soliq ma’murchiligini kuchaytirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali erishilayotganini e’tirof etmoqda. Shu bilan birga, tizimni izchil isloh qilish orqali 2030 yilga borib, soliq tushumlarini 491,5 trillion so‘mga yetkazish, iqtisodiyotda kuzatilmaydigan ulushni esa 28 foizdan 19,6 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.

Yig‘ilishda soliq tushumlarini oshirishdagi eng katta zaxira yashirin iqtisodiyotni qisqartirish ekani ta’kidlandi.

Prezidentimiz raqamli tahlil va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, «aqlli» nazorat tizimini joriy etish orqali joriy yilda byudjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushumni ta’minlash zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Bu savdo va xizmatlar, sanoat, qurilish, umumiy ovqatlanish hamda boshqa sohalarda P2P-operasiyalar monitoringi, tovarlarni markirovkalash, raqamli nazoratni kuchaytirish, yuklarni hujjatsiz tashish faoliyatini avtomatik aniqlash va norasmiy bandlikni rasmiylashtirish kabi mexanizmlardan keng foydalanish hisobiga ta’minlanishi mumkin.

Bozorlar va savdo majmualarida nazorat to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani, raqamlashtirish ishlari yetarli emasligi oqibatida ushbu yo‘nalishdagi imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi. Bugungi kunda bu yerlarda 72 mingdan ortiq chakana savdo sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Biroq ularning 38 mingdan ortig‘i tovar aylanmasini oyiga 1 million so‘mdan kam ko‘rsatgan, 40 mingdan ziyodi esa kuniga atigi 2-3 ta chek bermoqda. Shuningdek, bozorlardagi 12 mingta savdo nuqtasi bo‘yicha ijara shartnomalari hisobga qo‘yilmagan. Natijada 37 ming tadbirkor oyiga 500 ming so‘mdan kam soliq to‘lagan.

Shu bois, bozorlar va savdo majmualarini to‘liq raqamlashtirish hisobiga qo‘shimcha tushum manbalarini ishga solish, nazorat, soliq xizmati va raqamli kuzatuvni o‘zaro integrasiya qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda strategik bo‘lmagan yirik soliq to‘lovchilarga hududlarda xizmat ko‘rsatish masalasi haqida ham so‘z bordi.

Xususan, 209 mingta QQS to‘lovchi soliq organlaridan uzoqda joylashgani sababli xizmat ko‘rsatish va nazorat samaradorligi pasaygani qayd etildi. Shu munosabat bilan 500 ta strategik bo‘lmagan korxona nazoratini viloyat darajasiga, 103 mingdan ziyod qishloq xo‘jaligi, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini tuman darajasiga o‘tkazish taklif qilindi. Mazkur yondashuv soliq to‘lovchilarga joyida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, muammolarni tezkor hal qilish va nazorat samaradorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Tadbirkorlar uchun soliq ma’murchiligini soddalashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, tadbirkorlarning aksariyati tekshiruvlar, hisobot topshirish va soliq to‘lash jarayonlarining murakkabligidan norozi ekani aytildi. Shu munosabat bilan «avtokameral» nazoratni jazolash vositasidan xatoni barvaqt aniqlab, tuzatishga xizmat qiladigan profilaktika tizimiga aylantirish, korxonalarni xavf darajasiga qarab,«yashil»,«sariq» va «qizil» toifalarga ajratib ishlash zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, 6 turdagi hisobotni inson aralashuvisiz avtomat shakllantirish va yagona soliq hisobvarag‘iga o‘tish ishlarining borishi haqida axborot berildi. Bugungi kunda 198 ming holatda hisobot muddati buzilgani, 14,7 ming soliq to‘lovchi hisobot bermagani uchun 396,6 milliard so‘m jarima qo‘llanilgani, soliqlarni to‘lashda hisobvaraqlar soni ortib ketgani bois, 20 mingta xatolikka yo‘l qo‘yilgani aytildi.

Yangi tizim joriy etilsa, asossiz soliq qarzi, ortiqcha to‘lov va penya qo‘llash amaliyoti qisqartirilib, tadbirkorlar 8,4 trillion so‘m mablag‘ni tejashi mumkinligi qayd etildi. Yangi yondashuv natijasida tekshiruvlar soni kamayishi, hisobotlardagi xatolar keskin qisqarishi, murojaatlarni ko‘rib chiqish tezlashishi hamda koll-markazlar faoliyati sezilarli yaxshilanishi kutilmoqda.

Taqdimotda soliq organlari faoliyatidagi eng asosiy masala kadrlar salohiyati ekani ham ko‘rsatib o‘tildi.

So‘nggi yillarda bu yo‘nalishdagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani sababli kadrlar qo‘nimsizligi oshgan. Xodimlarning malakasini oshirish darajasi pastligi, moddiy rag‘batlantirish tizimi zamon talablariga javob bermasligi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yetarli emasligi qayd etildi. Xususan, 2022 yilda 3 mingdan ortiq xodim malaka oshirgan bo‘lsa, o‘tgan yili bor-yo‘g‘i 700 nafari qayta o‘qitilgan.

Shu munosabat bilan kadrlar malakasini oshirish, uzluksiz ta’limni yo‘lga qo‘yish, xodimlarni moddiy va ijtimoiy rag‘batlantirish bo‘yicha yangi takliflar taqdim etildi. Kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq akademiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralari belgilab olindi.

Davlatimiz rahbari soliq ma’murchiligida raqamli texnologiyalar, tahlil va sun’iy intellekt asosida mutlaqo yangi ish uslubini joriy etish, tadbirkorlar uchun qulay va adolatli soliq muhitini yaratish hamda sohada malakali kadrlar korpusini shakllantirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Soliq tizimi faoliyatini «tekshiruvdan – servisga» tamoyili asosida transformasiya qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish va nazoratning zamonaviy, samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Kiritildi: Bugun 20:13. O'qildi: 534 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!