O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon imzolandi.
Ushbu Farmonga muvofiq, Prezident Administrasiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlandi. Natijada Administrasiya va uning tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirildi, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirildi.
Farmonga asosan, endilikda Prezident Administrasiyasi faoliyatida 5 ta ustuvor yo‘nalish belgilandi. Bular — ta’lim, biznes, sud-huquq tizimi, tibbiyot va suv resurslari masalalaridir. Ushbu yo‘nalishlarda islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida Prezident Administrasiyasi rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.
Bundan tashqari, Prezidentning strategik rivojlanish, tashqi siyosat bo‘yicha yangi maslahatchi lavozimlari kiritilib, moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish, jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi, tadbirlarni tashkillashtirish, yig‘ilish va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash bo‘yicha, shuningdek, kommunikasiya departamentlari tashkil etildi.