Polshada 20 martdan 9 aprelgacha qat’iy karantin joriy qilindi. Yangi karantinning boshlanishi haqida 17 mart kuni mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Adam Nedzelskiy xabar bergan edi, deb yozmoqda «Interfaks».
Nedzelskiy pandemiyaga qarshi kurashda masofadan turib ishlash muhimligini ta’kidladi va ish beruvchilarni iloji boricha tezroq masofaviy shaklga o‘tishga chaqirdi. «Biz har kuni tirbandliklarga qarab kuzatayotgan harakatning intensivligi va gavjumligidan xavotirdamiz. Men barcha ish beruvchilarga murojaat qilyapman, barcha davlat idoralarining ish beruvchilari, iloji boricha tezroq masofaviy ish tartibiga o‘ting», — dedi vazir.
Koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha Polsha dunyoda 14-o‘rinda. Mamlakatda 2 milliondan ortiq aholi koronavirus bilan kasallangan, 48 ming kishi virus qurboniga aylangan. Kasallanish nisbati bo‘yicha esa 44-o‘rinda turibdi — bir million kishiga 53 mingta virusga chalinish holati. O‘lim holatlari nisbati bo‘yicha esa 27-o‘rinda — bir million kishiga 1291 ta o‘lim holati.