Pokistonning Hindistonga qarshi keng ko‘lamli urush boshlashdan boshqa chorasi qolmadi. Report xabariga ko‘ra, bu haqda Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Muhammad Asif ma’lum qilgan.
"Bizda boshqa variant yo‘q. Biz ham ularga xuddi shunday qadam bilan javob berishimiz kerak," — dedi u Pokiston telekanallaridan biriga bergan intervyusida.
Jurnalistning "Urush ostonasida turibmizmi?" degan savoliga vazir: "Albatta, bunga hech qanday shubha bo‘lishi mumkin emas," deb javob berdi.
Pokistonning Geo TV telekanali mamlakat xavfsizlik idoralaridagi manbalariga tayanib, Hindistonga qarshi «Banbyan-ul-Marsus» («Mustahkam devor») nomli yirik harbiy operasiya boshlanganini ma’lum qildi.
Bir muddat avval Hindiston armiyasi Islomobod yaqinidagi «Nur Xon» harbiy-hava bazasi, Panjobning Chakval tumanidagi «Murid» aviabazasi hamda «Shorkot» havo bazasini nishonga olgani haqida xabar berilgan edi.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif mamlakatning yadroviy arsenalini nazorat qiluvchi Milliy qo‘mondonlik yig‘ilishini chaqirdi. Keyinchalik operasiya boshlangani haqidagi xabar Pokiston hukumatining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ham e’lon qilindi.
Operasiya doirasida Pokiston armiyasi Hindiston hududidagi ko‘plab strategik nishonlarga zarba berishni rejalashtirgan. Xabar berilishicha, dastlabki zarbalar natijasida Hindiston va Rossiya hamkorligida ishlab chiqariladigan BrahMos gipertovushli raketalari ombori yo‘q qilingan.
Bundan tashqari, Hindiston elektr tarmog‘ining 70 foizga yaqini ishlamay qolgan. ZKG Top hududidagi shtab-kvartira va Uri shahridagi ta’minot ombori ham vayron qilingan.
Shuningdek, nashr manbalari ma’lumotiga ko‘ra, operasiya davomida Pokiston Hindistonning Udhampur va Pathankot aviabazalariga, armiya brigadasi shtab-kvartirasiga va yirik harbiy omborga zarba bergan.
«Pokiston qurolli kuchlari so‘nggi paytlarda yuzaga kelgan mintaqaviy taranglikdan kelib chiqib, yuqori shay holatga keltirildi va to‘liq tayyor. So‘nggi harbiy javob faqat mudofaa edi», – deydi Pokiston bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Ishoq Dar.
Vazirning ta’kidlashicha, xalqaro hamjamiyat «Hindistonga o‘z xatolarining jiddiyligini anglatishda»gi rolini bajarishi kerak. U Nyu-Dehlining so‘nggi ikki kundagi harakatlarini qoralab, ularni «doimiy yolg‘onlar oqimi» deb ta’rifladi.
«Hindiston o‘z provokasiyalarini davom ettirguncha kuta olmaymiz», – deya qo‘shimcha qildi u.